Xorazmda 30 yoshli erkak bankni o‘mardi
3-sahifa
−
30 Oktabr 2020
17160Bugun, 30 oktyabr kuni Xorazm viloyati Urganch shahrida bankni o‘margan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Milliy gvardiya Matbuot qo‘mitasi xabar berdi.
Hodisa soat taxminan 10:04 larda Urganch shahar Jizzax ko‘chasida yuz bergan. “Tinchlik Bank xizmatlari” kichik bank binosiga kelgan shaxs bank xodimasi bo‘lgan fuqaro Sh.K.ning xizmat joyida yolg‘izligidan foydalanib, unga tan jarohati yetkazgan holda kassada mavjud bo‘lgan, jami 21 088 AQSH dollari va 19 mln 850 so‘m pul mablag‘ini olib chiqib ketgan.
Shundan so‘ng, bank xodimasi tomonidan kelib tushgan tashvish signaliga asosan, zudlik bilan manzilga yetib kelgan Milliy gvardiya Qo‘riqlash xizmati hamda IIB mas’ul hodimlari birgalikda holatni tezkorlik bilan o‘rganib, o‘g‘irlik sodir qilgan shaxsni Urganch tumani, Chakka sholikor qishlog‘idan ashyoviy dalillar bilan ushlab, voqea joyiga olib kelishgan.
Dastlabki surishtiruv natijalariga ko‘ra, jinoyatga qo‘l urgan shaxs Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumanida tug‘ilgan, hozirda Urganch tumanida istiqomat qiluvchi 30 yoshli fuqaro M.E. ekanligi aniqlandi va hozirda ushbu holat yuzasidan viloyat IIB tergov bo‘limi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.