Xorazmda 2 nafar FVV xodimi pora bilan ushlandi
3-sahifa
−
28 iyun 4801 2 daqiqa
Xorazmda tanishlari orqali ishga kiritib qo‘yishga va’da berib, buning uchun pul olgan Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimining 2 nafar xodimi qo‘lga tushdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Tuproqqal’a tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimi Xazorasp tumanida yashovchi fuqaroning ishonchiga kirib, mansabdor tanishlari orqali uni Xorazm viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga ishga kiritib qo‘yish evaziga 1500 AQSH dollari talab qilgan.
DXXning Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u oldindan 400 AQSH dollari va 1 mln 300 ming so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, Shovot tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimi ham o‘zganing ishonchiga kirib, ichki ishlar organlaridagi tanishlari orqali unga haydovchilik guvohnomasi olib berishini aytib, evaziga 1400 AQSH dollari va 1 mln 300 ming so‘m olgan holati hujjatlashtirilgan.
Hozirda mazkur favqulodda vaziyatlar qutqaruvchilariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168 (Firibgarlik), 211-moddalari (Pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorazm viloyati Urganch shahar prokuraturasi tergovchisi avval pora olib, keyin uni qaytarib berayotgan vaqtida qo‘lga tushgandi. U Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning viloyat boshqarmasi tomonidan mahalliy fuqaroga nisbatan qo‘zg‘atilib, o‘zining hamkasbi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgan jinoyat ishini ayblov xulosasi bilan sudga yuborilmasdan, tergovda tugatib berish evaziga pul talab qilgan.
Live
Barchasi