Xonandalar to‘y uchun ijod qilyapti, ular bunga majbur – Nazarbekov

Madaniyat-san’at

image

O‘zbekistonda xonandalar sifatli qo‘shiqlar yaratish o‘rniga to‘y uchun ijod qilyapti. Chunki to‘yda manfaat bor? Ayrim holatlarda esa bir vaqtlar yonib ijod qilgan san’atkorlarning bugun yashashga uyi yo‘q. Ularning qo‘shiqlarini ruxsatsiz to‘ylarda aytib yurganlar esa qo‘sha-qo‘sha qavatli saroylar qurgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov kecha, 5 avgust kuni San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi bilan o‘tkazilgan davra suhbatida so‘z ochdi. 

“Biz ijod qilish mobaynida zavod qurmaymiz-ki faoliyatimizni to‘xtatganimizdan keyin ham zavod ishlayversa... Biz asarlarimiz orqali kun ko‘ramiz, ertamiz 100% shunga bog‘liq. Guvoh bo‘lyapmiz, o‘z vaqtida yonib ijod qilib, bugun uysiz o‘tirgan ijodkorlar bor. Ularning ijod namunalarini ijro qilib, o‘ziga uy qurib olganlar ham bor. Lekin asarning haqiqiy muallifi turtilib, surtilib hayotining oxirgi pallalarida qiynalib qolayotgan vaziyatlar ko‘zga tashlanyapti”, deydi vazir mualliflik huquqining ahamiyati haqida gapirarkan. 

Ma’lumki, 2020 yilning 26 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Qaror bilan Madaniyat va san’at sohasi vakillarining San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasini tashkil etish belgilandi. Gap palatani tashkil etishda ham emas, uning faoliyatida. Mana, ikki yil bo‘ldi, biroq Palataning ovozini hech yerda eshitganimiz yo‘q. Joriy hafta boshida esa Palata o‘zining borligini eslatib qo‘ydi. 

Palata bergan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 1 avgustidan boshlab O‘zbekiston xalq artistlari Sherali Jo‘rayev, Bobomurod Hamdamov va xonanda Abdurauf Olimov ijrosidagi qo‘shiqlardan litsenziya shartnomasi tuzmasdan foydalanish taqiqlanadi. Bu qoida to‘y va marosimlar, internet tarmog‘i va tele-radiokanallardagi chiqishlarga ham tegishli. 

Nazarbekovning ta’kidlashicha, bu xabar qarama-qarshi fikrlar va janjal-to‘polonlarga sabab bo‘lgan. Ammo vazir orani ochib qo‘yish payti kelganini ta’kidladi.

“Kecha boshlangan janjal-to‘polon – bu tabiiy. Palata o‘z faoliyatini to‘laqonli yo‘lga qo‘ysa, bunaqa kelishmovchiliklar ko‘payadi. Orani ochib qo‘yish kerak bo‘lgan payt keldi. Biz uchta darg‘a san’atkorlarimizni e’lon qilganimizdan keyin darrov ijtimoiy tarmoqlarda turli xil qarama-qarshi fikrlar ham o‘rtaga chiqishni boshladi. Bundan qo‘rqish kerak emas”, deydi Nazarbekov. 

U hamkasblariga boshqa xonandaning qo‘shig‘ini kuylamoqchi bo‘lsa, marhamat qilib shartnoma tuzishi kerakligini aytdi. 

“Shartnoma faqat pulli bo‘ladi, degani emas. O‘sha muallifning hurmatini joyiga qo‘ysin, kerak bo‘lsa, bepul rozi qilib, ijro etsin, marhamat. Lekin, hech bo‘lmasa, muallifni xabardor qilib, qurbi yetgan shaklda shartnoma tuzib, faoliyatini davom ettirsin”, deydi u.

Ta’kidlanishicha, bugungi xonandalar san’at uchun emas to‘y uchun ijod qilyapti. 

“Vazir o‘laroq umidim sifatdan. Bugungi xonandalar san’at uchun emas, to‘y uchun ijod qilyapti. Chunki to‘yda manfaat bor. Buni to‘g‘ri tushunish kerak. Ular bunga moslashishga majbur. Agar intellektual mulkdan manfaatdor bo‘lsa, mutlaqo boshqacha qarashlar bilan ijod qila boshlaydi. Ijodkorlar yetuk san’at asarlarini yaratishga bel bog‘laydi”, deya qo‘shimcha qiladi vazir.

Uning qayd etishicha, mualliflik huquqini himoya qilish borasida hali huquq-tartibot organlarining ham tajribasi katta emas. Bu esa vaqt talab etadi. 

“Men bilaman, bu mavzudan zada bo‘lgan odamlar ham bor. Necha marta shunaqa yig‘ilib, gaplashilgani bilan bir qadam ham oldinga siljimasdan, masala yechilmasdan, o‘lda-jo‘lda yotganiga o‘zimiz ham guvoh bo‘lganmiz. Lekin bu safar tizimli, uzil-kesil hal qilishga bel bog‘laganmiz. Oxirgi paytlarda mualliflarning, ijodkorlarning huquqlarini himoya qilish borasida oldinga yurish bo‘lyapti. Teatrlarga pesa asarlar yozgan mualliflarga 2,8 mlrd so‘m pul berildi”, deydi vazir.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

289

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing