Xonanda Dilfuza Ismoilovani 80 ming dollarga chuv tushirgan firibgar qamaldi
3-sahifa
−
30 aprel 2025 16757 2 daqiqa
Avvalroq, taniqli san’atkor Dilfuza Ismoilova o‘zi qatnashadigan “gap”da tanishgan ayolga ishonib, 80 ming dollarga chuv tushgani, firibgarlik bilan bog‘liq mazkur ish jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida ko‘rib chiqilayotgani xabar qilingandi. Kecha, 29 aprel kuni sud sudlanuvchiga nisbatan hukm chiqardi. QALAMPIR.UZ sud hukmi bilan tanishdi.
Sud hukmiga ko‘ra, muqaddam firibgarlik va mansab soxtakorligi bo‘yicha sudlangan sudlanuvchi M.J. bu safar ham Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.
Sudlanuvchi M.J.ga yuqoridagi moddalarda nazarda tutilgan har turdagi jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 6 yil 4 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.
Shuningdek, sudlanuvchi M.J.dan jabrlanuvchi Dilfuza Ismoilova foydasiga 80 ming AQSH dollari hukm chiqarilgan kundagi so‘mga nisbatan qiymatda, ya’ni 1 mlrd 35 mln 848 ming so‘m yetkazilgan moddiy zarar miqdori undirilishi belgilangan.
Bundan tashqari, sud hukmi bilan sudlanuvchidan qolgan jabrlanuvchilar foydasiga ham (Sh.J.ga 250 mln so‘m, X.A.ga 300 mln so‘m, G.K.ga 252 mln so‘m) undirish tayinlangan.
Jabrlanuvchilarga qolgan moddiy zarar va ma’naviy ziyonni undirish masalasida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilish huquqlari tushuntirilgan.