Xomanaiy Isroil bilan urush boshlanganidan beri ilk bor omma oldida ko‘rinish berdi
Olam
−
06 iyul
7263Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy 5 iyul kuni Tehronda shia musulmonlari taqvimidagi eng muhim kun – Ashuro bayramiga bag‘ishlangan diniy tadbirda ishtirok etdi. Bu haqda IRNA xabar berdi.
Eron televideniyesida Xomanaiyning videolavhalari namoyish etildi. Ali Xomanaiy Isroil Eronga qarshi urush boshlagan 13 iyundan beri ilk bor omma oldiga chiqdi. Eronlik yuqori martabali qo‘mondonlar va yadro olimlarining o‘limiga sabab bo‘lgan 12 kunlik urushda Xomanaiy “xavfsiz joyda” edi. “Bild” gazetasi ekspertlarga tayangan holda u bunkerdan chiqmaganini yozgan.
Xavfsizlik nuqtayi nazaridan Xomanaiy urush paytida oldindan yozib olingan videomurojaatlarni tarqatgan va omma oldida chiqishlardan qochgan.
Isroil 13 iyundan beri Eronga zarba berib, yadroviy inshootlar, yuqori martabali harbiy amaldorlar va yadroviy olimlarni nishonga olmoqda. Eron bunga javoban Isroilga raketa va uchuvchisiz samolyotlar uchirdi. Qo‘shma Shtatlar 22 iyun kuni Eronning uchta yadroviy ob’ektiga zarba berib, mojaroga kirishdi. Ikki kundan keyin Eron, oldindan ogohlantirgandan so‘ng, Qatardagi AQSH harbiy bazasiga hujum qildi. Isroil va Eron 24 iyun kuni otashkesimga kelishib oldi. Ali Xomanaiy 26 iyun kuni e’lon qilingan videoda Eron Isroil va AQSHni mag‘lub etganini e’lon qildi. Shundan so‘ng AQSH prezidenti Donald Tramp Eron oliy rahbarini “sharmandali o‘lim”dan qutqarganini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘z manbalariga tayanib, “The New York Times” gazetasi Eron Oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy 25 kundan beri omma oldida jonli ko‘rinish bermayotgani, bu esa mamlakatda xavotir va mish-mishlarga sabab bo‘layotgani haqida yozgandi.
LiveBarchasi