Xomanaiyning o‘g‘li, kuyovi va kelini ham o‘ldirildi
Olam
−
03:18 14113 3 daqiqa
AQSH va Isroil tomonidan Eron poytaxti Tehronga uyushtirilgan raketa hujumlari oqibatida Eron Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning o‘g‘li, kuyovi va kelini halok bo‘ldi. Bu haqda “Al Hadath” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, ularning o‘limini Tehron meriyasi vakili Meysam Muzaffar tasdiqlab, Islom Respublikasi rahbarining yaqinlari vafot etganini bildirgan.
Zarba qurbonlari orasida nufuzli eronlik siyosatchining qizi Zahra Haddad-Adel va uning turmush o‘rtog‘i – Xomanaiyning o‘g‘li ham bor.
Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, ulrga qarshi hujum AQSH va Isroil tomonidan birgalikda tashkil etilgan keng ko‘lamli operatsiyaning bir qismi bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Reuters” isroillik yuqori lavozimli shaxsga tayanib, Oyatulloh Ali Xomanaiy o‘ldirilgani, uning jasadi topilib, surati Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga ko‘rsatilgani haqida xabar bergan edi. Biroq hali bu xabar Eron tomonidan tasdiqlanmadi. Shunga qaramay, AQSH Prezidenti Donald Tramp ham o‘zining Trush Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Oyatulloh Ali Xomanaiy o‘ldirilganini e’lon qildi.
AQSH–Isroil–Eron urushi
Kecha, 28 fevral kuni Isroil kutilmagan vaqtda Eronga qarata havodan zarbalar yo‘lladi. Ushbu zarbalar Eronning muhim ob’ektlari – Prezident qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga tekkani iddao qilinmoqda. Eronning “Mehr” axborot agentligi Tehrondagi Eron razvedka binosiga ham hujum qilinganini yozgan. Isroil tomonidan start berilgan operatsiya “Yehuda qalqoni” deb nomlangan. Dastlabki manbalarga ko‘ra, Eronga o‘ttizdan ortiq raketalar yo‘llangan bo‘lishi mumkin.
Oradan biroz vaqt o‘tib Isroil Mudofaa kuchlari Eronga hujumni rasman tasdiqlagan. Shuningdek, Mudofaa vazirligi Isroil fuqarolaridan xavfsiz joyga yashirinishni so‘ragan. Mamlakatda shoshilinch ravishda favqulodda holat e’lon qilingan.
Shu orada AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bo‘yicha operatsiyalar haqida 8 daqiqalik bayonot bergan va unda Eronga qilingan hujumda AQSHning ishtirok etganini tasdiqlagan. Uning qayd etishicha, Eronga qilingan harbiy opreatsiyalar Amerika xalqini himoya qilish uchun amalga oshirilmoqda. U o‘z bayonotida eronliklarni amaldagi tuzumni ag‘darishga chaqirgan. Tramp Eron harbiy xizmatchilariga taslim bo‘lishni va buning evaziga «immunitet» olishni taklif qildi yoki “muqarrar o‘lim”ni tanlashlari mumkinligini aytgan.
Qolaversa, barcha voqealarni bir chetdan kuzatib turgan Eron sobiq valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy ham Eron xalqiga murojaat qilib, mamlakat uchun hal qiluvchi lahzalar kelganini ta’kidlagan. Shuningdek, u bu so‘nggi jang ekanini va unda Eron xalqi Islom Respublikasi tuzumi ustidan g‘alaba qozonishini ta’kidlagan.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay endi Eron Isroil davlati hududiga qarata zarba yo‘llashni boshladi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham hujumlarni tasdiqlab, bayonot bergan. Unga ko‘ra, Isroil va AQSHning Eronga qarshi qo‘shma operatsiyasi Eron terror rejimi keltirib chiqarayotgan tahdidni bartaraf etishga qaratilgan. Netanyaxu maxsus murojaatida so‘nggi 47 yil davomida Eron rahbariyati Isroil va AQSHga qarshi ochiq tahdidlar qilgan hamda mintaqada zo‘ravonlik siyosatini yuritganini aytgan.