Xomanaiyning dafn marosimi Mashhadda o‘tkaziladi
Olam
−
04 mart 4018 2 daqiqa
Eronning o‘ldirilgan oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiyning dafn marosimi uning tug‘ilgan shahri – Mashhadda o‘tkaziladi. Bu haqda “Fars” xabar berdi.
Xayrlashuv marosimini esa Tehronda tashkil etish rejalashtirilgan. Motam tadbirlarining aniq sanasi tasdiqlanganidan keyin e’lon qilinadi.
Ma’lum qilinishicha, Eron oliy rahbari 28 fevral kuni AQSH va Isroil kuchlari operatsiyasi vaqtida halok bo‘lgan. U halok bo‘lgan paytda ish joyida – o‘z xizmat xonasida bo‘lgan. Amaliyot davomida uning qizi, kuyovi, nabirasi va kelinlaridan biri ham halok bo‘lgan. Bir necha kundan so‘ng rafiqasi ham jarohatlar oqibatida vafot etgan.
Isroil tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, Xomanaiy rezidensiyasiga qariyb 30 ta bomba tashlangan. Sputnik suratlariga ko‘ra, bino to‘liq vayron bo‘lgan.
Eron hukumati oliy rahbar vafotidan so‘ng 40 kunlik motam va yetti kunlik davlat ta’tili e’lon qildi.
28 fevral kuni ertalab Isroil va AQSH qo‘shinlari Eronga qarshi harbiy operatsiya boshlagan. Keyingi kuni Isroil Mudofaa armiyasi matbuot xizmati 40 nafar eronlik qo‘mondon o‘ldirilganini ma’lum qilgan.
Javob tariqasida Eron Yaqin Sharqdagi Amerika harbiy bazalariga, shuningdek Isroil hududiga raketa va uchuvchisiz qurilmalar orqali zarbalar bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Islom respublikasining Ekspertlar kengashi Mujtabo Xomanaiyni Eronning yangi oliy rahbari lavozimga saylagandi.
Live
Barchasi