Xomanaiy tirik – Eron TIV

Olam

image

Avvalroq, Isroil ommaviy axborot vositalari Eron Oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy Isroil va AQSHning mamlakatga uyushtirgan hujumi oqibatida go‘yoki halok bo‘lgani haqida xabar tarqatgan edi. Biroq Eron tomoni bu ma’lumotni rad etdi. Bu haqda respublika Tashqi ishlar vazirligi rahbari Abbos Aroqchi NBC telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.

U Eron Oliy rahnamosi Ali Xomanaiy va mamlakat Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon tirik ekanini ma’lum qilgan.

“Mening bilishimcha, ha, ular tirik”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ali Xomanaiyning Tehrondagi qarorgohi butunlay vayron qilingani haqida xabar berilgan edi. Airbus Defence and Space kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan aerofotosuratlar e’lon qilindi. NYT ma’lumotlariga ko‘ra, ob’ekt Isroil harbiy-havo kuchlarining zarbalari oqibatida vayron bo‘lgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Xomanaiyning o‘zi avvalroq xavfsiz joyga olib chiqilgan.

AQSH–Isroil–Eron urushi

Bugun, 28 fevral kuni Isroil kutilmagan vaqtda Eronga qarata havodan zarbalar yo‘lladi. Ushbu zarbalar Eronning muhim ob’ektlari – Prezident qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga tekkani iddao qilinmoqda. Eronning “Mehr” axborot agentligi Tehrondagi Eron razvedka binosiga ham hujum qilinganini yozgan. Isroil tomonidan start berilgan operatsiya “Yehuda qalqoni” deb nomlangan. Dastlabki manbalarga ko‘ra, Eronga o‘ttizdan ortiq raketalar yo‘llangan bo‘lishi mumkin.

Oradan biroz vaqt o‘tib Isroil Mudofaa kuchlari Eronga hujumni rasman tasdiqlagan. Shuningdek, Mudofaa vazirligi Isroil fuqarolaridan xavfsiz joyga yashirinishni so‘ragan. Mamlakatda shoshilinch ravishda favqulodda holat e’lon qilingan.

Shu orada AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bo‘yicha operatsiyalar haqida 8 daqiqalik bayonot bergan va unda Eronga qilingan hujumda AQSHning ishtirok etganini tasdiqlagan. Uning qayd etishicha, Eronga qilingan harbiy opreatsiyalar Amerika xalqini himoya qilish uchun amalga oshirilmoqda. U o‘z bayonotida eronliklarni amaldagi tuzumni ag‘darishga chaqirgan. Tramp Eron harbiy xizmatchilariga taslim bo‘lishni va buning evaziga «immunitet» olishni taklif qildi yoki “muqarrar o‘lim”ni tanlashlari mumkinligini aytgan.

Qolaversa, barcha voqealarni bir chetdan kuzatib turgan Eron sobiq valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy ham Eron xalqiga murojaat qilib, mamlakat uchun hal qiluvchi lahzalar kelganini ta’kidlagan. Shuningdek, u bu so‘nggi jang ekanini va unfda Eron xalqi Islom Respublikasi tuzumi ustidan g‘alaba qozonishini ta’kidlagan.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay endi Eron Isroil davlati hududiga qarata zarba yo‘llashni boshladi.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham hujumlarni tasdiqlab, bayonot bergan. Unga ko‘ra, Isroil va AQSHning Eronga qarshi qo‘shma operatsiyasi Eron terror rejimi keltirib chiqarayotgan tahdidni bartaraf etishga qaratilgan. Netanyaxu maxsus murojaatida so‘nggi 47 yil davomida Eron rahbariyati Isroil va AQSHga qarshi ochiq tahdidlar qilgan hamda mintaqada zo‘ravonlik siyosatini yuritganini aytgan.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Oyatulloh Ali Xomanaiy Abbos Aroqchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing