Xomanaiy Isroil zarbalaridan bunkerda yashiringan – OAV
Olam
−
16 iyun 11378 2 daqiqa
Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy Isroilning mamlakatga qarshi operatsiyasi boshlanganidan bir necha soat o‘tib yerosti bunkeriga panoh topdi. Bu haqda bugun, 16 iyun kuni manbalarga tayanib, “Iran International” xabar berdi.
Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, Xomanaiy joylashgan ob’ekt Tehronning shimoli-sharqida, Lavisan tumanida joylashgan. Uning oila a’zolari ham Oliy rahbar huzurida.
Nashrning qayd etishicha, Isroilga qarshi oldingi amaliyotlar chog‘ida – 2024 yilning aprel va oktyabr oylarida ham – Oyatulloh ushbu bunkerdan panoh topgan. “Iran International” manbalaridan biriga ko‘ra, Isroil 15 iyun kuni yahudiy davlatidan 2,3 ming km uzoqlikda joylashgan Mashhad aeroportiga Xomanaiy o‘zini hech qayerda xavfsiz his qila olmasligini ko‘rsatish uchun zarba bergan.
“Reuters” agentligi amerikalik rasmiylarga tayanib, AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroilning Xomanaiyni yo‘q qilish rejasiga “veto qo‘ygani” haqida xabar bergan edi. Agentlik manbalaridan biriga ko‘ra, Eron Amerika fuqarolariga to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum qilmaguncha, Vashington bunday choralarni tasdiqlashga tayyor emas.
Isroil Milliy Xavfsizlik Kengashi rahbari Saxi Xanegbi bu xabarni “feyklar mamlakatidan olingan feyk” deb atadi. O‘z navbatida, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham bu xabarlarni rad qilib, Isroil nimani lozim topsa, ularning barchasini amalga oshirishini ma’lum qildi. “The Wall Street Journal” esa isroillik amaldorga tayanib, Isroilning Eronga qarshi harbiy amaliyoti kontekstida Xomanaiy “daxlsizlik ostida emasligini” yozdi.
Bundan oldin Eron xalqaro manbalari Oliy rahbarning idorasi rahbari o‘rinbosari Ali Asg‘ar Hijoziy Rossiya rasmiylari bilan vaziyat yanada yomonlashsa, mamlakatni tark etish imkoniyati haqida yashirin muzokaralar olib borayotganini da’vo qilgan edi. Nashr manbalariga ko‘ra, Eronning boshqa yuqori martabali amaldorlari ham xuddi shunday kelishuvlarga ega.