Xoland va Mbappe navbatdagi rekordlarni o‘rnatdi
Sport
−
07 Sentabr 2022
7911Kecha, 6 sentyabr kuni futbol bo‘yicha Yevropa Chempionlar ligasining guruh bosqich 1-tur uchrashuvlariga start berildi.
Markaziy uchrashuv Parijda (Fransiya) PSJ va “Yuventus” o‘rtasida kechdi. Bahsda parijliklar Kilian Mbappening ikki goli evaziga g‘alaba qozondi – 2:1.
O‘yinda dubl qayd etgan Mbappe musobaqadagi gollari sonini 35 taga yetkazib oldi. U mazkur natijaga erishgan yoshi eng kichik futbolchiga aylandi – 23 yosh, 260 kunlik. Bundan oldingi rekord esa Lionel Messiga tegishli edi. Argentinalik futbolchi YeCHLda 35 ta gol kiritganida 23 yosh 307 kunlik bo‘lgan.
Kunning yana bir qiziqarli kechgan uchrashuvida “Manchester Siti” “Sevilya”ni 4:0 hisobida tor-mor etdi. “Shaharliklar” hujumchisi Erling Xoland o‘yinda dubl qayd etdi. Erling “Siti” safida YeCHLdagi debyutidayoq ikkita gol urishga erishgan ilk futbolchiga aylandi.
Shuningdek, 22 yoshli norvegiyalik futbolchi Chempionlar ligasida 20 ta o‘yinda maydonga tushib, 25 ta gol urdi. Xoland bunday natijaga eng tez erishgan futbolchiga ham aylanib oldi. Avvalgi rekord esa Filippo Inzagi hamda Ruud Van Nistelroyga tegishli edi. Ikkisi ham 30 ta o‘yinda 25 ta gol kiritgan.