Xoland qanday qilib “maxluqqa” aylandi?

Sport

image

Angliyaning “Manchester Siti” klubi futbolchisi Erling Xoland doimiy ravishda jigar va yurakni iste’mol qiladi. Bu haqda Xolandning so‘zlariga asoslanib, "Goal" nashri yozmoqda.

Norvegiyalik futbolchi Angliya Premer Ligasining joriy mavsumida dahshatli start oldi. Xoland 9 ta uchrashuvda 15 ta gol urdi. Shubhasiz, Xoland APLga barcha katta rekordlarni buzib tashlash bilan tahdid solmoqda. Uning bu qadar kuchli o‘yin namoyish qilishiga qat’iy diyetaga amal qilishi ham sabab bo‘lishi mumkin.

Xoland o‘zi haqida ishlangan “The Big decision” (“Katta qaror”) nomli hujjatli filmda o‘z tanasiga g‘amxo‘rligini, shuningdek, yurak va jigar tanovul qilishini aytgan.

"Siz [boshqalar] uni yemaysiz, ammo men tanamni parvarish qilish tashvishidaman. Menimcha, iloji boricha mahalliy bo‘lgan sifatli taomlarni iste’mol qilish eng muhim qarordir. Odamlar go‘sht siz uchun zararli deb aytishadi, lekin aynan qanaqa go‘sht? Siz “McDonald's”dan oladigan mahsulotlardagi go‘shtmi? Yoki tabiiy ozuqa yegan sigir go‘shtimi? Men yurak va jigarni yeyman", degan "Siti" hujumchisi.

22 yoshli hujumchi har bir uy o‘yinidan oldin otasi Alf Xoland tomonidan uy sharoitida tayyorlangan lazanyani (italyan taomi) yeydi. Bosh murabbiy Pep Gvardiola esa bu haqda “Sautgempton”dagi g‘alabadan keyin hazillashib, Xolandning gollarining siri otasi pishirgan taomlar bo‘lsa, uni “Siti” bazasiga olib kelishlari mumkinligini aytgan. 

“Biz Erlingning otasiga ovqat pishirishni taklif qilishimiz mumkin. Agar bu Erlingning gollarining siri bo‘lsa, men [rais] Xaldunni (Al-Muborak) Xolandning otasini bu yerga olib kelishga ko‘ndiraman! Lekin menimcha, bu yerda sir faqat bu emas”, degan ispaniyalik murabbiy.

Shuningdek, Xoland bir kunda 600 kaloriya qabul qiladi. U vaqtida uxlab, vaqtida uyg‘onishni nazoratga oladi. Buning uchun Xoland uxlashga yordam beradigan maxsus ko‘zoynaklardan foydalanadi. Norvegiyalik suvni maxsus filtrdan o‘tkazilganidan keyin ichadi. Xullas, Xoland nima qilsa ham ish berayotgandek tuyulmoqda.

Bugun, 11 oktyabr kuni “Manchester Siti” Yevropa Chempionlar ligasining 4-turida Daniyaning "Kopengagen" klubi mehmoni bo‘ladi. Albatta, daniyaliklarga Xolandni to‘xtatish oson bo‘lmaydi. Erling "Siti" tarkibidagi ilk rasmiy o‘yinini Angliya Superkubogi doirasida "Liverpul"ga qarshi bahsda o‘tkazgan edi. Uchrashuv Xoland uchun o‘ta omadsiz o‘tgan. U deyarli bo‘sh qolgan darvozaga to‘p kirita olmagan. Shundan so‘ng, Xoland turli-xil memlar qahramoniga aylangandi. Erlingning APLdagi dahshatli startidan keyin, ko‘pchilik "qizillar"ga qarshi omadsizlikni esdan chiqarib yubordi. Ammo Xolandning o‘zi ushbu o‘yinni esdan chiqarmagan bo‘lsa kerak. 16 oktyabr kuni “Manchester Siti” APL doirasida "Liverpul" bilan uchrashadi. Xoland esa o‘sha kuni "yaralangan" "Liverpul"ga shafqat qilish haqida o‘ylab ham o‘tirmasa kerak.

Ma’lumot uchun, joriy mavsum Erling Xoland "Siti" safida 13 ta uchrashuvda maydonga tushib, 20 ta gol urdi. "Transfermarkt" portali norvegiyalik hujumchini 150 million yevroga baholamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Erling Xoland “Manchester Siti”

Baholaganlar

49

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing