Xitoyning oltini rasmiy raqamlardagidan ancha ko‘p – FT
Olam
−
14 noyabr 4857 2 daqiqa
Xitoy bu yil rasmiy ma’lumotlarda aytilganidan 10 barobar ko‘proq oltin sotib olgan bo‘lishi mumkin. Xaridlar dollar zaxiralarini almashtirish maqsadida amalga oshirilgan va bu oltin narxining tez o‘sishiga hissa qo‘shgan. Bu haqda “Financial Times” xabar berdi.
Jahon oltin kengashi (WGC) hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022-2024 yillarda markaziy banklar zaxiralari uchun har yili 1000 tonnadan ortiq oltin sotib olgan. Joriy yil uchun bu ko‘rsatkich hozircha 600 tonnadan oshgan. Xitoyda oltin xarid qilish dasturini Xitoy Xalq Bankining bo‘linmasi Davlat valyuta boshqarmasi (SAFE) amalga oshirgan, bu yil u rasmiy ravishda 25 tonna oltin sotib olgan. Biroq xaridlarni SAFE vositachilari, Xitoy suveren investitsiya jamg‘armasi (CIC) va hattoki harbiylar ham amalga oshirishi mumkin.
“Markaziy banklar odatda oltin bo‘yicha operatsiyalari haqida Xalqaro valyuta fondiga xabar beradi, ammo bu ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi va so‘nggi yillarda ko‘plari haqiqiy ma’lumotni yashiryapti. Joriy yilda ular xaridlarning atigi uchdan biri haqida xabar bergan”, deyiladi xabarda.
“Societe Generalye”ga ko‘ra, Xitoy bu yil taxminan 250 tonna oltin sotib olgan bo‘lishi mumkin. Bu joriy yil markaziy banklarning jami xaridlarining uchdan bir qismidan oshadi. Joriy narxda bu taxminan 132 million dollarni tashkil etadi. Biroq yil boshida unsiya 2650 dollar atrofida bo‘lgan, oktyabrda esa narx eng yuqori nuqtaga – 4381,5 dollarga yetgan.
“Neftni sun’iy yo‘ldoshlar orqali kuzatish mumkin, ammo oltin bilan buni qilish imkonsiz. Qayerga ketgani va kim sotib olganini bilishning iloji yo‘q. Xitoy oltin sotib olish orqali dedollarizatsiya strategiyasini amalga oshirmoqda va zaxiralaridagi dollar ulushini kamaytirishga harakat qilyapti. Shu strategiyani ko‘plab boshqa markaziy banklar ham qo‘llayapti. So‘nggi o‘n yillikda AQSHdan tashqari zaxiralardagi oltin ulushi 10 foizdan 26 foizgacha o‘sgan va u hozir dollardan keyin ikkinchi o‘rinda turadi”, deydi Carlyle investitsiya fondi energetika strategiyasi direktori Jeff Kerri.
“Fuller Treacy Money” investitsiya byulletening nashriyotchisi Yon Trisi hisobiga ko‘ra, Ukrainadagi urush boshlanganidan so‘ng markaziy banklar oltin bozorining asosiy harakatlantiruvchisi bo‘lgan. Rossiya valyuta zaxiralarining muzlatilgani ularning investitsiyalarni diversifikatsiya qilishga undagan, shunda dollar va davlat obligatsiyalariga haddan tashqari bog‘liqlik kamayadi.
Yaponiyaning qimmatbaho metallar bozor assotsiatsiyasi direktori Bryus Ikemizuning aytishicha, bu yil odamlar, ayniqsa Xitoy bo‘yicha rasmiy ma’lumotlarga umuman ishonmayapti. Uning taxminicha, Xitoyning oltin zaxiralari hozir taxminan 5000 tonnani tashkil qiladi (20,5 milliard dollar joriy narxda). Bu rasmiy ma’lumotlarga qaraganda ikki barobar ko‘p.
Mohichehra Qadamova
Live
Barchasi