Xitoydagi o‘zbekistonliklar bugun qaytariladi
Jamiyat
−
04 fevral 2020
5625Bugundan Pekin va Uxandagi O‘zbekiston fuqarolarini charter reyslar orqali O‘zbekistonga olib kelinishi boshlanadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 29 yanvar imzolangan farmoyishga asosan koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi tuzilgan edi. Mazkur kommissiyaning kecha bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishida Xitoydagi o‘zbekistonliklarni mamlakatga qaytarish bilan bog‘liq dolzarb vazifalar atroflicha muhokama qilingan.
Unda O‘zbekiston fuqarolarini Uxan shahri va Xitoyning boshqa hududlaridan olib kelish uchun charter reyslar tashkil etilib, dastlabki charter reyslar 4-5 fevral kunlari amalga oshirilishi aytilgan. Shunga ko‘ra, bugun birinchi charter reys Pekin shahridan kelishi kutilmoqda. Yo‘lovchilar maxsus tayyorlangan tibbiyot muassasalariga joylashtiriladi.
“Mazkur muassasalar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida to‘liq xalqaro karantin talablari asosida jihozlangan. Xususan, koronavirus diagnostikasi vositalarining zarur zaxiralari yaratilgan, kerakli dori hamda dezinfeksiya vositalari, uskunalar, sarflash materiallari, shuningdek, shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlangan. Sohaning yetuk mutaxassislari tomonidan Uxan shahri va Xitoyning boshqa hududlaridan olib kelingan fuqarolar alohida nazorat ostida bo‘lib, muntazam tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazish bilan bir qatorda barcha zarur xavfsizlik choralari ko‘riladi. Shuningdek, mazkur tibbiyot muassasalarida kerakli maishiy vositalar va zarur oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlangan”, deydi Sanitariya-epedimiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov.
Charter reyslarga Sog‘liqni saqlash vazirligi Virusologiya ilmiy tekshirish institutining yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassis va epidemiologlari shaxsiy himoya vositalarida hamrohlik qilishadi. Ular tomonidan evakuatsiya qilingan yo‘lovchilar samolyotga chiqish paytida dastlabki tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Lozim bo‘lganda zarur tibbiy yordam ko‘rsatish va parvoz paytida biologik xavfsizlikni ta’minlash uchun barcha zarur vositalar taqdim etiladi. Mazkur samolyotlarda O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi buyurtmasiga asosan mamlakatda qolib, faoliyatini davom ettirish istagini bildirgan hamyurtlarimizga zarur antiseptik va dezinfeksiya vositalari yetkaziladi hamda bepul beriladi.
Xitoydan kelgan fuqarolar ushbu kasallikni yashirin davrida, ya’ni 14 kun davomida qat’iy karantinga olinadi. Xalqaro sanitariya — epedimiologiya mezon va talablaridan kelib chiqib, barcha xavfsizlik choralari qo‘rilgan.
LiveBarchasi