Xitoydagi toshqinda 10 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
18 avgust 2025 1751 1 daqiqa
Xitoy shimolidagi Ichki Mo‘g‘uliston muxtor tumani hududida tog‘ daryolarining kutilmagan toshqini oqibatida 10 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Bayan-Nur shahri Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining ma’lumotiga ko‘ra, tabiiy ofat 16 avgust kuni soat 22:00 atrofida Urad-Xoutsi xoshunidagi daryo yuqori oqimida sodir bo‘lgan. Tabiat qo‘ynida lager qurib dam olayotgan 13 sayyoh (8 erkak va 5 ayol) bilan aloqa uzilib qolgan.
17 avgust kuni soat 15:30 ga kelib ulardan biri qutqarilgan. Voqea joyiga 700 dan ortiq qutqaruvchi yuborilib, shoshilinch qidiruv-qutqaruv ishlari olib borilmoqda.
Xitoy Favqulodda vaziyatlar vazirligi bedarak yo‘qolganlarni qidirish ishlarini olib borish uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etishni talab qilib, maxsus ishchi guruhini ham yuborgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonning shimolidagi Uttarkashi shahrida kuchli yomg‘ir yog‘ishi oqibatida toshqin yuzaga kelgandi va u butun bir qishloqni butkul vayron qilgandi.
Live
Barchasi