Xitoyda yolg‘iz onalar yangi hamkorlik shaklini o‘ylab topdi

Olam

image

Xitoyda yolg‘iz onalar o‘rtasida yangi turdagi hamkorlik mashhurlikka erishmoqda. Ular birgalikda yashab, bolalarni tarbiyalash va uy-ro‘zg‘or ishlarini bo‘lishishni yo‘lga qo‘ymoqda. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda onalarning birgalikda yashashni istagan hamfikrlarni izlayotgani haqida e’lonlar tobora ko‘paymoqda.

“Yana bir onani topib, birga yashashni, bir-birimizga yordam berishni istayman. Agar farzandlarimiz bir yoshda bo‘lsa, juda yaxshi, ular bir-birlariga do‘st bo‘lishadi. Ba’zida bolangiz bilan yolg‘iz bo‘lsangiz, hatto ovqatlanishga ham vaqt topolmaysiz”, deyiladi Rednote ilovasidagi mashhur postda.

Rasmiy statistika mavjud emas, biroq tadqiqotchilarning aytishicha, bunday norasmiy hamjamiyatlar tobora ko‘proq ko‘zga tashlanmoqda – xonadosh izlash e’lonlaridan tortib, bunday turmush shaklining qanday ishlashini muhokama qiladigan guruhlargacha.

Nashrning yozishicha, Xitoyda taxminan 30 million yolg‘iz ona bor. So‘nggi 20 yil ichida ajralishlar soni to‘rt baravar oshgan va aksariyat hollarda bolalar onalar bilan qoladi. Qonun bilan aliment to‘lash majburiy, biroq yirik shaharlardagi ko‘plab yolg‘iz onali oilalar hanuz kambag‘allik chegarasida yashaydi.

Bu hamkorlik shaklining yorqin namunalaridan biri 2022 yildan beri Nankinda birga yashab kelayotgan Zu Danyuy va Fey Yuan oilasi.

“Biz nima uchun birga yashayotganimizni juda yaxshi tushunamiz – hayotdagi xavf va bosimni bo‘lishish uchun”, deydi Zu Danyuy.

Ikkalasi ham ajrashgan – Zuning ikki qizi, Feyning esa bitta farzandi bor. Ular pandemiya va lokdaun davrida tanishib, do‘stlashgan, oradan ko‘p o‘tmay birga yashashga qaror qilgan.

Fey tartibni yaxshi ko‘radi, biroq pishirishni bilmaydi, Zu esa ajoyib oshpaz. Hozir ular birga biznes yuritadi, bir oiladek yashaydi, uy ishlarini va bolalar parvarishini bo‘lishadi. Ularning bolalari birga dars tayyorlaydi va dam olish kunlarini ham birgalikda o‘tkazadi.

“Asosiysi bolalar baxtli, sog‘lom bo‘lishsin, o‘qishda yutuqlarga erishishsin va bizning ishimiz rivojlansin”, deydi Zu.

Mutaxassislarning aytishicha, Xitoyda yolg‘iz ota-onalar moliyaviy jihatdan juda himoyasiz, chunki davlat yordami deyarli yo‘q, qarindoshlardan ham katta yordam olinmaydi. Shu bois ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘zaro ko‘mak izlayapti.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy yolg'iz onalar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing