Xitoyda tayfun sabab 2,6 mln kishi evakuatsiya qilindi
Olam
−
17:38 426 3 daqiqa
Xitoyning sharqiy qismiga yopirilgan “Bavi” tayfuni ortidan hukumat keng ko‘lamli evakuatsiya va tabiiy ofatlarga qarshi choralarni kuchaytirdi. Chjetszyan provinsiyasida 2,68 million kishi xavfsiz hududlarga ko‘chirildi, 19 mingdan ortiq vaqtinchalik boshpana ochildi. Bu haqda “Sinxua” nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yilning to‘qqizinchi tayfuni hisoblangan “Bavi” joriy yil 11 iyul kuni kechqurun Chjetszyan provinsiyasi sohillariga ikki marta urilgan. Tayfun markazida shamol tezligi soniyasiga 40 metrga yetgan. Hozirda u mamlakat ichkarisiga siljib, asta-sekin kuchsizlanayotgani aytilmoqda.
So‘nggi 24 soat ichida viloyatning qariyb 42 foiz hududida 50 millimetrdan ortiq yog‘ingarchilik kuzatilgan. Mutasaddilar kuchli yomg‘irlar sabab suv toshqinlari, ko‘chkilar va shaharlarni suv bosishi xavfi yuqoriligidan ogohlantirgan.
Mahalliy hokimiyat tayfun quruqlikka chiqishidan avval maktab va o‘quv muassasalarida darslarni to‘xtatgan, 830 ta qurilish maydonchasi, 400 dan ortiq sayyohlik maskani hamda 200 dan ziyod ko‘ngilochar ob’ekt faoliyatini vaqtincha cheklagan.
Xitoy Milliy taraqqiyot va islohotlar komissiyasi Chjetszyan provinsiyasida tayfundan keyingi tiklash ishlari uchun 100 million yuan (taxminan 14,71 million AQSH dollari) ajratgan. Mablag‘lar yo‘llar, gidrotexnik inshootlar, maktablar, shifoxonalar va boshqa davlat infratuzilmasini tiklashga yo‘naltiriladi. Shuningdek, avvalroq kuchli yog‘ingarchilikdan zarar ko‘rgan Guansi-Chjuan avtonom rayoniga ham qo‘shimcha 100 million yuan ajratilgan.
Sinoptiklar 15 iyulgacha Chjetszyan, Anxuy, Szyansi, Lyaonin va Szilin provinsiyalarining ayrim hududlarida kuchli yomg‘irlar davom etishini prognoz qilmoqda. Shu munosabat bilan Anxuy provinsiyasidagi suv omborlarida suv chiqarish ishlari boshlangan, Shenyan shahrida esa maktablar, bolalar bog‘chalari, qurilish maydonlari va ayrim jamoat maskanlari vaqtincha yopilgan.
Xitoy Favqulodda vaziyatlarni boshqarish vazirligi Chjetszyan, Tyanszin va Anxuy hududlariga 70 ming dona gumanitar yordam vositalari, jumladan, buklanadigan karavotlar, adyollar, yozgi choyshablar va favqulodda vaziyatlar to‘plamlarini yuborgan. Mamlakatda suv toshqinlari bo‘yicha sariq darajadagi ogohlantirish hamda tabiiy ofatlarga javob berishning IV darajali favqulodda rejimi amalda qolmoqda.
Ayni paytda tayfun zarbalari kuzatilgan hududlarda oqibatlarni bartaraf etish ishlari davom etmoqda. Chjetszyan va Szyansu provinsiyalarida maxsus xizmatlar qulagan daraxtlar, yo‘l belgilari hamda kuchli shamol vayron qilgan konstruksiyalarni olib tashlamoqda. Ko‘chki sabab yopilib qolgan yo‘llar esa og‘ir texnikalar yordamida tozalanmoqda.
Yueqing shahridagi vaqtinchalik boshpanalardan birida 500 nafardan ortiq kishi, asosan faoliyati to‘xtatilgan qurilish maydonlarida ishlagan ishchilar joylashtirilgan. Mas’ullarning aytishicha, kuchli shamolga tayyorgarlik doirasida boshpana binosining eshik va derazalari qo‘shimcha mustahkamlangan, shisha eshiklar tashqi tomondan yog‘och taxtalar bilan yopilgan, kirish qismlariga esa qum qoplari joylashtirilgan.
Shu bilan birga, Szyansu provinsiyasida suv toshqinlari xavfi sabab shlyuzlar va boshqa gidrotexnik inshootlar faoliyati kuchaytirilgan nazorat ostiga olingan. Mahalliy hokimiyat tayfun oqibatlarini bartaraf etish, infratuzilmani tiklash va hududlarda normal hayotni imkon qadar tezroq tiklash ishlarini davom ettirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Bavi” tayfuni Tayvan, Xitoy va Yaponiyaning ayrim hududlarida kuchli shamol va jala yog‘ingarchiliklarni keltirib chiqargani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi