Xitoyda SI yordamida ishlab chiqilgan ilk dori bozorga chiqariladi

Olam

image

Xitoyda sun’iy intellekt yordamida ishlab chiqilgan ilk innovatsion dori bozorga chiqarishga shartli ravishda tasdiqlandi. Bu haqda “Global Times” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Mprosevir nomini olgan preparat universiteti, Uestleyk laboratoriyasi va Westlake Pharmaceuticals kompaniyasi hamkorligida ishlab chiqilgan. Dori Xitoy Milliy tibbiy mahsulotlar boshqarmasi (NMPA) tomonidan bozorga chiqarish uchun shartli ravishda ma’qullangan.

Mprosevir Xitoyda “1-sinf” innovatsion dori sifatida tasniflangan. Mazkur toifaga Xitoyda yoki boshqa davlatlarda avval bozorga chiqarilmagan, yangi kimyoviy tuzilma va ta’sir mexanizmiga ega, shuningdek, klinik qiymati aniq bo‘lgan preparatlar kiradi.

Preparatning yana bir muhim jihati shundaki, u DNK-kodlangan kutubxona (DEL) texnologiyasi asosida muvaffaqiyatli ishlab chiqilib, dunyoda tasdiqlangan ilk kichik molekulali innovatsion dori sifatida e’tirof etilmoqda. Bu texnologiya konsepsiyasi ilk bor ilgari surilganidan 34 yil o‘tib, mazkur natijaga erishilgan.

Olimlar dori nomzodlarini izlash jarayonining dastlabki bosqichidayoq sun’iy intellekt va DEL texnologiyasini birlashtirgan ikki bosqichli saralash usulidan foydalangan.

Mprosevirni izlash uchun foydalanilgan DEL kutubxonasida 49 milliardgacha birikma bo‘lgan. Dastlabki saralash natijasida 100 dan ortiq istiqbolli nomzod aniqlangan.

An’anaviy usulda ushbu molekulalarning har birini alohida tekshirish katta vaqt va resurs talab qilgan bo‘lardi. Biroq sun’iy intellekt modeli ularning sonini bir necha kun ichida 9 tagacha qisqartirgan.

Keyingi faollik sinovlarida ushbu 9 molekulaning 6 tasi yuqori samaradorlik ko‘rsatgan. Shundan so‘ng, toksik, metabolizm va dori vositasini ishlab chiqish bilan bog‘liq boshqa ko‘plab baholashlar o‘tkazilib, WLU6937 molekulasi asosiy nomzod sifatida tanlangan.

Keyingi ikki yil davomida olimlar ushbu molekula asosida preparatni takomillashtirish ustida ishlagan. Jumladan, uning ta’sirini kuchaytirish, dori sifatidagi xususiyatlarini yaxshilash va toksikligini kamaytirishga e’tibor qaratilgan.

Preparat avval laboratoriya sharoitidagi hujayra tajribalari va sichqonlar ustidagi tadqiqotlardan o‘tkazilib, keyinchalik klinik sinovlargacha olib borilgan. Ushbu bosqichlarning turli jarayonlarida ham sun’iy intellektdan foydalanilgan.

Tadqiqotchilarning aytishicha, Mprosevir loyihasi sun’iy intellekt yordamida dori vositalarini ishlab chiqish nafaqat mumkin, balki samarali va amaliy jihatdan amalga oshirilishi mumkinligini ko‘rsatgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniyada dunyoda ilk bor miya jarrohligi operatsiyasi sun’iy intellektning real vaqtdagi yordamida amalga oshirilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing