Xitoyda ona qornidagi chaqaloqning o‘pkasi operatsiya qilindi

Salomatlik

−

image

Xitoyda shifokorlar homila hali ona qornidaligida uning o‘pkasidagi 5 santimetrlik o‘smani maxsus igna yordamida yo‘q qildi. Bu haqda “South China Morning Post” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Shenchjen va Gonkong shifokorlaridan iborat tibbiy jamoa 40 yoshli ayolning 22 haftalik homilasida o‘pka to‘qimasining g‘ayritabiiy o‘sishi – CPAM aniqlanganidan so‘ng operatsiya o‘tkazgan.

Tekshiruvlarda o‘sma homilaning o‘ng ko‘krak qafasini to‘liq egallagani, yurak va o‘pkani qattiq siqib qo‘ygani aniqlangan. Shuningdek, qorin bo‘shlig‘ida suyuqlik to‘plangan.

Odatda bunday holatlarda suyuqlikni chiqarish yoki o‘smani oziqlantiruvchi asosiy qon tomirini berkitish usullaridan foydalaniladi. Biroq mazkur o‘sma mayda kistalardan iborat bo‘lib, markaziy qon tomiriga ega bo‘lmagani sababli bu usullar samara bermagan.

Shundan so‘ng, shifokorlar yangi usuldan foydalangan. Yuqori aniqlikdagi real vaqt rejimida ishlovchi UZI nazorati ostida maxsus ablyatsiya ignasi ona qorni, bachadon devori va homilaning ko‘krak qafasi orqali o‘smaning markazigacha kiritilgan.

Maxsus igna orqali mikroto‘lqinli texnologiya yordamida o‘sma to‘qimasi kuchli isitilib, ichkaridan yo‘q qilingan. Faol isitish jarayoni atigi ikki daqiqa davom etgan. Shifokorlar bu vaqtda homilaning sog‘lom a’zolari zarar ko‘rmasligini nazorat qilgan.

Operatsiyadan uch kun o‘tib, o‘smaning hajmi sezilarli darajada kichraygan va qorinda to‘plangan suyuqlik ham yo‘qolgan. Homiladorlik 37 haftaga yetgach, chaqaloq kesarevo kesish orqali dunyoga kelgan. Uning vazni 2,9 kilogramm bo‘lgan va tug‘ilganida Apgar shkalasi bo‘yicha 10 ball olgan.

Ma’lum bo‘lishicha, chaqaloq to‘rt oylik bo‘lganida ham sog‘lom va hech qanday alomatlar kuzatilmagan. Unga qo‘shimcha jarrohlik amaliyoti talab etilmagan.

Shifokorlarning ta’kidlashicha, mazkur operatsiya ona va homila tibbiyotida yangi bosqich sifatida baholanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniyada tug‘ilishi kutilayotgan chaqaloq hali onasi qornidaligida noyob jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing