Xitoyda ilk bor it va mushuklarni yeyish taqiqlandi
Olam
−
02 aprel 2020
10483Xitoyning Shenchjen shahri it va mushuk go‘shtini yeyish taqiqlangan birinchi shahar bo‘ldi. Fevral oyida Xitoy hukumati COVID-19 xastaligini keltirib chiqaruvchi koronavirus epidemiyasining oldini olish maqsadida, yovvoyi hayvonlar go‘shtini sotish va yeyishni taqiqlagan edi.
Endi esa Shenchjen shahrida uy hayvonlari bo‘lmish it va mushuklarni yeyish ham taqiqlandi. Bu haqdagi qaror 1 maydan kuchga kiradi, deya xabar bermoqda BBC.
Humane Society International ma’lumotiga ko‘ra, Osiyoda yiliga 30 mln it go‘shti uchun o‘ldiriladi. Xitoyda it go‘shtini ko‘pchilik yemaydi. Xitoyliklarning asosiy qismi it go‘shtini yemagan va uni iste’mol qilgisi ham kelmaydi.
Jonivorlar huquqini himoya qiluvchi Humane Society International tashkiloti shahar hokimiyati qarorini ma’qulladi.
It va mushuklarni yeyishning taqiqlanishi koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq emas. Bu jonivorlarni yeyish ular insonlarga boshqa uy hayvonlariga qaraganda yaqinroq bo‘la olgani uchun taqiqlangan. Tayvan va Gonkongda bu amaliyot normal holat hisoblanadi.
Xitoylik olimlar mushuklar bir-biriga koronavirus infeksiyasini yuqtirishi mumkinligini aniqlagan. Ammo mushukdan odamga virus yuqishi aniqlanmagan.
Olimlarning aniqlashicha, virus havo-tomchi yo‘li orqali mushukdan mushukka yuqadi. Biroq, itlar, tovuqlar, cho‘chqa va o‘rdaklar orasida bunday holat kuzatilmagan.
Tadqiqot davomida beshta mushukka burun bo‘shlig‘idan koronavirus kiritilgan. 6 kundan keyin ularda virus borligi aniqlangan. Shundan so‘ng, kasal mushuklar sog‘lom mushuklar yoniga qo‘yilgan. Biroz vaqt o‘tgach, ulardan birida ham virus borligi aniqlangan. Ta’kidlanishicha, zararlangan mushuklarning barchasida virusga qarshi antitana paydo bo‘lgan.
Kasallikning faqatgina bitta mushukka yuqqani uchun olimlar ular o‘rtasida koronavirusning yuqumliligi yuqori emas, degan qarorga kelgan.
Eslatib o‘tamiz, yangi koronavirus o‘chog‘i bo‘lgan Xitoyda 82 mingdan ortiq odam kasallandi va shundan 3,3 mingdan ortig‘i halok bo‘ldi. Virusga chalinganlarning 76 571 nafari kasallikdan forig‘ bo‘ldi.
LiveBarchasi