Xitoyda eng yuqori darajali xavf e’lon qilindi
Olam
−
02 Sentabr 2023
15743Xitoyda “Saola” to‘foni mamlakat janubi-sharqiy sohillariga yaqinlashayotgani munosabati bilan eng yuqori darajadagi ob-havo xavfi e’lon qilindi. Bu haqda RG nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni damda to‘fon Guangdongdan 295 kilometr janubi-sharqda joylashgan va soatiga taxminan 10 kilometr tezlikda Janubiy Xitoy dengizi bo‘ylab shimoli-g‘arbga qarab harakatlanmoqda. 31 avgust kuni ertalab meteorologlar shamol tezligi soatiga 209 kilometrga yetganini qayd etgan.
To‘fon, shuningdek, qo‘shni Guangdongdagi boshqa yirik ishlab chiqarish markazlariga ham tahdid solmoqda. Xitoy temir yo‘llari bir nechta yirik poyezdlar qatnovini to‘xtatgan.
Xitoy janubidagi Xunan provinsiyasida so‘nggi bir necha kunda kuchli yomg‘ir tufayli 3 ming kishi evakuatsiya qilindi. Sanji viloyatida yil boshidan buyon mamlakatda kuzatilgan rekord darajadagi yog‘ingarchilik sodir bo‘ldi. Suvning balandligi 25,6 santimetrgacha yetdi.
Bu yoz mamlakat tarixidagi eng yomg‘irli yoz nomini oldi. Chunki oxirgi ikki oy davomida Xitoy kuchli yomg‘ir va toshqinlardan aziyat chekdi. Jumladan, iyul oyi oxirida Xitoy poytaxtida kuzatilgan “Doksuri” to‘foni ko‘plab vayronagarchiliklarga sabab bo‘lgan. Bu Pekinda so‘nggi 140 yil ichida sodir bo‘lgan eng kuchli jala bo‘ldi. O‘shanda Pekindan 30 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilindi, 33 kishi hayotdan ko‘z yumdi.
Ma’lumot uchun, “Saola” to‘foni shu hafta boshida Filippinni ham iskanjaga olgandi. Qurbonlar haqida ma’lumotlar yo‘q. Mamlakatning shimoliy hududlarida kuchli yomg‘ir va kuchli shamol mavsumiy musson yomg‘irlarini kuchaytirdi. Pastda joylashgan qishloqlar suv ostida qolgan. 50 mingga yaqin odam evakuatsiya qilindi.
LiveBarchasi