Xitoyda COVID-19 cheklovlari ortidan namoyishlar yuzaga keldi (video)

Olam

image

Xitoyning Shinjon mintaqasida namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, namoyishlar boshlanishiga 24 noyabr kuni ko‘p qavatli binoda sodir bo‘lgan yong‘inda 10 kishining halok bo‘lgani sabab bo‘lgan. Gap shundaki, rasmiylar, dastlab, odamlar binoni tark etishga muvaffaq bo‘lganini aytishgan, biroq Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida tarqatilgan videoda bino qisman yopilganligi sabab aholi o‘z vaqtida qochib qutula olmagani aks etgan. Bino yopiqligining sababi esa koronavirus cheklovlari edi.

Shundan so‘ng aholi norozilik namoyishlari o‘tkazish uchun ko‘chaga chiqqan va “Cheklovlarni to‘xtating!” deya hayqirishgan. Ushbu vaziyat tasvirlangan videolar ham ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan. 

Qayd etilishicha, bu kadrlar Shinjon poytaxti Urumchidan olingan. Videoda odamlar Xitoy madhiyasining “Qul bo‘lishni istamaganlar o‘rningdan tur!” deya boshlanuvchi joyini kuylayotgani aks etgan.

Ma’lumki, Shinjon mintaqasi Xitoydagi eng uzoq vaqt mobaynida cheklov e’lon qilingan hudud hisoblanadi. Urumchining 4 million kishilik aholisi 100 kungacha uylarini tark eta olishmagan. Shaharda so‘nggi ikki kun ichida 100 ga yaqin yangi koronavirus bilan kasallanish holatlari aniqlangan.

Bugun, 26 noyabr kuni Urumchi rasmiylari matbuot anjumani o‘tkazib, COVID-19 cheklovlari binodagi odamlarning qochishiga yoki qutqarilishiga to‘sqinlik qilganini rad etishdi. Ammo ular qo‘shimcha tekshiruv o‘tkazishlarini ham aytishdi. Yana bir rasmiy esa agar aholi yong‘in xavfsizligini yaxshiroq tushunsa, tezroq qochishlari mumkinligini aytib, barcha aybni qurbonlarning o‘ziga ag‘dardi.

Ma’lumot uchun, Xitoyda karonavirus bilan kasallanish holati kuniga qariyb 32 mingtani tashkil qilmoqda. Infeksiyaning ko‘plab shaharlarda tarqalishi ortidan keng ko‘lamli cheklovlar e’lon qilingan.

Alibek Beyjanov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

137

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing