Xitoyda bortida 113 yo‘lovchi bo‘lgan samolyot yonib ketdi 

Olam

image

Xitoy janubi-g‘arbidagi Chunsin shahridagi “Szyanbey” xalqaro aeroportida Tibet Airlines aviakompaniyasining yo‘lovchi samolyoti parvoz paytida uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib, yonib ketdi. Bu haqda “Sinxua” axborot agentligi xabar bergan.  

Voqea bugun, 12 may kuni taxminan ertalab soat 08:00 da (Toshkent vaqti bilan 05:00) yuz bergan. Qayd etilishicha, bortda 113 yo‘lovchi va to‘qqiz nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. 40 kishi tan jarohati olib, shifoxonaga yetkazilgan. 

“TV9833 reysi bilan Chunsin-Ningchi reysini amalga oshirayotgan samolyot “Szyanbey” xalqaro aeroportida uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketdi va uning chap tarafidagi fyuzelyajining burun qismi yonib ketdi”, deyiladi aeroport xabarida. 

Hozircha halok bo‘lganlar haqida ma’lumot berilmagan, hodisa sabablari hali aniqlanmagan. 

Xitoy markaziy televideniyesining xabar berishicha, yong‘in allaqachon o‘chirilgan, hodisa yuz bergan uchish-qo‘nish yo‘lagi yopilgan, samolyotlar undan ko‘tarilmaydi va unga qo‘nmaydi. Chunsin shahrida yakunlangan reyslar qisman Sichuan provinsiyasining Chendu shahridagi “Shuanlyu” xalqaro aeroportiga ko‘chirilgan. 

Bu Xitoydagi joriy yilning ikkinchi yirik aviahalokatidir. Kunmindan Guanchjouga MU5735 reysini amalga oshirayotgan Boeing 21 mart kuni Xitoy janubidagi Guansi-Chjuan avtonom rayonidagi Uchjou shahrining Ten uyezdida halokatga uchragan. Samolyot bortida 132 kishi, jumladan 123 yo‘lovchi va to‘qqiz nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan, ularning barchasi halok bo‘lgan deb e’lon qilingan. 2015 yildan beri foydalanilayotgan laynerning halokatga uchrashining mumkin bo‘lgan sabablari haligacha ma’lum emas. Mutaxassislar topilgan “qora qutilar”ni tekshirishda davom etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy aviahalokat

Baholaganlar

156

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing