Xitoyda bola o‘g‘risi qatl qilindi
Olam
−
28 fevral
3574Bugun, 28 fevral kuni Xitoyda sheriklari bilan birgalikda 17 nafar bolani o‘g‘irlab, sotgan 61 yoshli ayol qatl etildi. Bu haqda Xitoy prokuraturasi xabar berdi.
“Oliy xalq sudi tasdig‘i bilan 2025 yil 28 fevralda Guychjou provinsiyasi Guyyan shahrining O‘rta xalq sudi Yuy Xuainni qonunda belgilangan tartiblarga muvofiq qatl etdi va prokuratura qonun hujjatlariga muvofiq joyida nazoratni amalga oshirish uchun xodimlarni jo‘natdi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, oktyabr oyida Guychjou provinsiyasi sudi Yuy Xuainni o‘limga hukm qilgan. U 1993-2003 yillarda sheriklari bilan birgalikda Guychjou va Yunnan provinsiyalari hamda Chunsin shahridan 17 nafar bolani o‘g‘irlab ketgan va ularni sotgan.
“Shundan so‘ng, ular Xebey provinsiyasida sotildi”, deyiladi xabarda.
Xitoy matbuotiga ko‘ra, u birinchi bo‘lib o‘z farzandini sotgan. Yuy 2004 yilda bolalarni o‘g‘irlash va sotish aybi bilan hibsga olingan, biroq u o‘zini boshqa odam sifatida ko‘rsatishga muvaffaq bo‘lgan va atigi sakkiz yilga qamalgan.
Xabarga ko‘ra, Yuy Xuain umrbod siyosiy huquqlaridan mahrum qilingan va barcha shaxsiy mulki musodara qilingan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 20 yanvar kuni Xitoy sudi 2024 yil noyabrida Chjuxay shahrida bir guruh odamlarni bosib o‘tgan shaxsga nisbatan o‘lim hukmini chiqargandi. Jinoyat bo‘yicha o‘lim hukmi 20 yanvar kuni Oliy xalq sudi qaroriga muvofiq amalga oshirilgan.
LiveBarchasi