Xitoyda bino qulashi oqibatida qurbon bo‘lganlar 50 nafardan oshdi
Olam
−
06 may 2022
3856Xitoyning Xunan provinsiyasi Chansha shahrida bino qulashi oqibatida halok bo‘lganlar soni 53 kishiga yetdi, qidiruv-qutqaruv ishlari yakunlandi. Bu haqda Xitoy markaziy televideniyesi xabar berdi.
Olti qavatli bino joriy yilning 29 aprel kuni qulab tushgan. Unda do‘konlar, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, shuningdek, kichik mehmonxona joylashgandi. 30 aprel kuni rasmiylar vayronalar ostida 23 kishi qolgani, 40 ga yaqin odam bedarak yo‘qolgani haqida xabar bergandi.
Ayni vaqtga kelib, voqea joyida qidiruv-qutqaruv ishlari yakunlangan, vayronalar ostida qolganlarning barchasi va bedarak yo‘qolganlar topilgan. Qutqaruvchilar vayronalar ostidan 10 nafar jabrlanuvchini tiriklayin chiqarishga muvaffaq bo‘lgan, ularning barchasiga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Yiqilgan bino mahalliy hokimiyat tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurilgan deb tan olingan va aynan noqonuniy rekonstruksiya fojiaga sabab bo‘lgani taxmin qilinyapti. Rasmiylar allaqachon to‘qqiz kishini hibsga olgan, ulardan to‘rt nafari, jumladan, bino egasi jinoiy ehtiyotsizlikda, besh nafari soxta hujjatlar taqdim etganlikda ayblanib hibsga olingan.
Dastlabki tergov natijalariga ko‘ra, aprel oyi o‘rtalarida muhandislik-texnik nazorat kompaniyasi 4-6-qavatlarda joylashgan mehmonxona xavfsizligini baholash bo‘yicha noto‘g‘ri xulosa chiqargan.
LiveBarchasi