Xitoyda amaldorlarga chekish taqiqlandi
Olam
−
19 may
3057Xitoyda hukumat va partiya amaldorlariga tushlik paytida turli xil noz-ne’matlar iste’mol qilish, sigaret chekish va spirtli ichimliklar ichish taqiqlandi. Bu bo‘yicha Xitoy Kommunistik partiya Markaziy qo‘mitasi va Davlat kengashining qat’iy tejamkorlik va isrofgarchilikka qarshi kurash to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.
Hujjat 63 moddadan iborat bo‘lib, “rasmiy me’yorlarga qat’iy rioya qilish” va “mablag‘larning sarflanishi ustidan nazorat tizimini joriy etish”ga chaqiradi.
Masalan, 20 modda mansabdor shaxslarga belgilangan limitdan ortiq “qimmatbaho o‘yin-kulgi va sovg‘alar, qimmatli qog‘ozlar, to‘lov vaucherlari”ni olish, shuningdek, xorijda qimor o‘yinlarida ishtirok etishni taqiqlaydi.
“Xorijga chiqish chog‘ida davlat mablag‘lari muassasa yoki davlat korxonalari o‘rtasida sovg‘a almashish, bir-birini ko‘nglini olish uchun ishlatilmasligi kerak”, deyiladi hujjatda.
Mamlakat ichidagi xizmat safari chog‘ida mansabdor shaxslarga aeroportlar va vokzallarda “kutib olish tadbirlarini tashkil etish”, shuningdek, “hududlarga posilkalarni kutib olish va yetkazib berish” taqiqlanadi. Bunday sayohatlarda hamrohlik qiluvchilar soni bir kishi bilan cheklangan.
“Tashrif guruhlari transport, ovqatlanish va turarjoyni belgilangan me’yorlar asosida tashkil etishi shart. Fuqaro aviatsiyasining, shuningdek, xususiy, korporativ va xorijiy aviakompaniyalarning charter reyslaridan qoidalarni buzgan holda foydalanish, normadan ortiq turarjoy va transport bilan ta’minlash, boradigan mamlakatlar yoki hududlar sonini ko‘paytirish, xizmat safari yo‘nalishini yoki kunlar sonini ruxsatsiz o‘zgartirish taqiqlanadi”, deyiladi rezolyutsiyada.
“Sinxua” axborot agentligining qayd etishicha, hujjat amaldorlarni “mehnatkashlik va tejamkorlikda qattiqqo‘l bo‘lishga” chaqiradi, chunki “isrofgarchilik uyatdir”.
2024 yil oxirida “The Wall Street Journal” Xitoy iqtisodiyotida sodir bo‘layotgan voqealarni xaos deb atagandi. Nashr ta’kidlashicha, ortiqcha quvvat va talabning pasayishi fonida kompaniyalar narxlarni pasaytirmoqda, investitsiyalarni kechiktirmoqda va xodimlarni ishdan bo‘shatishmoqda, bu esa xarajatlarni yanada cheklaydi, xaridorlar esa narxlar yanada tushishini kutmoqda.
Xitoy Moliya vaziri Lan Foan rasmiylarni byudjet mablag‘larini sarflashda “kamarlarini mahkam bog‘lashga” chaqirdi. U Pekin “asosiy milliy strategik vazifalarni bajarish uchun yetarli mablag‘ni” ta’minlash va ishlab chiqarish sektoriga ustuvor ahamiyat berish niyatida ekanini aytdi.
“Soliqlar va yig‘imlar, maxsus jamg‘arma va davlat obligatsiyalari bilan bog‘liq siyosat pul-kredit siyosati, bandlik siyosati va sanoat siyosati bilan muvofiqlashtirilgan va yaqinroq uyg‘unlashgan holda amalga oshiriladi”, deya aniqlik kiritdi Lan Foan.
LiveBarchasi