Xitoyda 2200 yil oldingi qoyatosh yozuvi topildi
Olam
−
15 Sentabr 2025 3373 2 daqiqa
Xitoyning g‘arbiy qismidagi Singxay provinsiyasida miloddan avvalgi 221–207 yillar oralig‘ida hukmronlik qilgan Sin sulolasi davriga oid 2 200 yildan ham qadimiyroq bo‘lgan qoyatosh yozuvi topildi. Bu haqda “Sinxua” agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bu yozuv o‘sha davrdan hozirgacha o‘z asl joyida saqlanib qolgan yagona namuna sanaladi.
Yozuv o‘yib yozilgan qoyatosh Golog-Tibet avtonom okrugi hududidagi Gyaring-So ko‘lining shimoliy sohilida joylashgan. Bu hudud dengiz sathidan 4 200 metrdan yuqori balandlikda joylashgan.
Topilma ancha yaxshi saqlangan: matnning katta qismi, jumladan, yozilgan sanasi ham aniq o‘qilishi mumkin. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu arxeologik kashfiyot tarixiy yozuvlardagi bo‘shliqni to‘ldiradi va katta tarixiy, badiiy hamda ilmiy ahamiyatga ega.
Ma’lumot uchun, Sin sulolasi miloddan avvalgi 221 yilda hukmdor In Chjen tomonidan asos solingan bo‘lib, u tarixda Sin Shixuandi nomi bilan tanilgan va Xitoy tarixida birinchi bo‘lib imperator unvonini olgan shaxs hisoblanadi. Sin Shixuandi Xitoydagi turli mayda podsholik va knyazliklarni birlashtirib, mamlakat tarixidagi ilk markazlashgan davlatni barpo etdi. Sulola qisqa umr ko‘rganiga qaramay, Xitoy taraqqiyoti uchun katta ta’sir ko‘rsatgan. Sin davrida yozuv bir tizimga keltirildi, o‘lchov va vazn birliklari standartlashtirildi, yagona pul tizimi joriy qilindi va ma’muriy-hududiy bo‘linish tashkil qilindi. Shuningdek, katta qurilish ishlari amalga oshirilgan, jumladan, Xitoy devorining dastlabki qismlari aynan shu davrda barpo etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Iordaniyaning Muta universiteti arxeologlari mashhur Madaba mozaik xaritasida tilga olingan, ammo uzoq vaqtdan beri noma’lum bo‘lgan Vizantiyaning yo‘qolgan Tarais shahrini topishga muvaffaq bo‘lgandi.
Live
Barchasi