Xitoy va Yaponiya hudud talashmoqda
Olam
−
29 dekabr 2021 13183 3 daqiqa
Kecha, 28 dekabr kuni Xitoy va Yaponiya Mudofaa vazirlari onlayn uchrashuv o‘tkazdi. Ikki mamlakat 2022 yil oxirigacha o‘zaro chegaradosh hududlar boshqaruvi bo‘yicha muzokaralar nuqtasini tashkil etishga kelishib oldi.
Xitoy Mudofa vaziri Vey Fenxe va Yaponiya Mudofaa idorasi rahbari Nobuo Kishi o‘rtasida ikki soat davom etgan uchrashuvda, rasmiylar Sharqiy va Janubiy Xitoy dengizi hududi hamda Tayvan masalasida bahsli muzokaralar olib borgan.
Uchrashuv chog‘ida vazirlar, Sharqiy Xitoy dengizida joylashgan inson yashamaydigan, toshloq orollar zanjiri masalasiga alohida to‘xtalib o‘tgan.
Yaponiya tomonidan nazorat qilinadigan ushbu orollarni Xitoy o‘zining suveren hududi deya hisoblaydi.
Yaponiya 1972 yildan beri nazorat qilib keladigan ushbu orolni Yaponlar Senkakus, Xitoy tomoni esa Diaoyus deb nomlaydi. Tokiodan 1 900 kilometr janubi-g‘arbda joylashgan orollar zanjiri ustidagi taranglik uzoq yillardan buyon davom etib kelmoqda.
Xitoyning orollarga hukumat kemalari va qo‘riqlash transportlarini yuborishi so‘ngi paytlarda sezilarli darajada oshgan. O‘z navbatida Yaponiya esa buni o‘zining xalqaro miqyosda tan olingan orollar ustidan suverenitetiga qarshi tahdid deb hisoblamoqda.
“Yaponiya ushbu bahsli muammoga bir tomon manfaatlarini yoqlovchi yechim topilishiga qarshi. Bundan tashqari, Yaponiya Xalq ozodlik armiyasi va Xitoy qirg‘oq qo‘riqlash kemalarining orol bo‘ylab harakatidan qattiq xavotirda”, deyiladi uchrashuvdan so‘ng berilgan Yaponiya Mudofaa vazirligining bayonotida.
Boshqa tomonda Xitoy esa uchrashuvdan so‘ng orollar masalasida o‘zining hududiy suverenitetini yoqlab bayonot bilan chiqdi.
“Xitoy o‘zining hududiy suvereniteti va dengiz huquqlari hamda manfaatlarini qat’iy himoya qiladi. Tomonlar ikki yoqlama munosabatlarning umumiy manfaatlariga e’tibor qaratishi va Sharqiy Xitoy dengizida barqarorlikni saqlashga intilishi kerak”, deyiladi bayonotda.
Tayvan bilan bog‘liq vaziyat
Orollar ustidan nazorat uchrashuvning asosiy masalasi bo‘lgan bo‘lsa, Yaponiya o‘zining Okinava prefekturasidagi Yonaguni orolidan 110 kilometr uzoqlikda joylashgan Tayvanning mustaqilligi masalasida ham befarq emas ekanini ta’kidlagan.
Bundan 70 yil avval, Xitoydagi fuqarolar urushi yakuniga yetib, millatchilar Tayvanga chekinganidan buyon, asosiy davlat Xitoy va o‘zini mustaqil deb hisoblovchi Tayvan alohida-alohida boshqarib kelinadi. Hozirda demokratiya rivojlangan Tayvanni Xitoy hali ham o‘zining ajralmas qismi deb hisoblaydi, garchi u ushbu hududni umuman boshqarmagan bo‘lsa-da.
Tayvanni 1895 yildan Ikkinchi jahon urushi oxirigacha boshqargan Yaponiya, orolni o‘zining milliy xavfsizligi markazi deb biladi.
Tokio iyul oyida o‘zining yillik mudofaa rejasini e’lon qilganida, Tayvan atrofidagi vaziyatni barqarorlashtirish Yaponiya xavfsizligi uchun muhimligini alohida ta’kidlangan edi.
“Tayvanda sodir bo‘layotgan voqealar Yaponiyaga ham taalluqli. Yaponiya elektr energiyasining 90 foizini Tayvan orollari orqali import qiladi”, deya ta’kidlagan Yaponiya Mudofaa vaziri uchrashuvda.
Joriy yil Xitoy hukumati mudofaa bo‘yicha yangi qonunni qabul qildi. Unda Xitoy dengizi hududidagi Xitoy yerlari Xalq ozodlik armiyasi va Qirg‘oq qo‘riqlash xizmati tomonidan himoya qilinishi, xavf tug‘ilganda esa o‘t ochish holatlari qat’iy belgilangan.
Behruz Saidov
Live
Barchasi