Xitoy O‘zbekistonga sotilgan qiruvchi samolyotlar bo‘yicha izoh berdi
Jamiyat
−
19:25 4093 2 daqiqa
Avvalroq, Xitoy ijtimoiy tarmoqlari va harbiy tahlilchilari to‘rtta Chengdu J-10CE ko‘p maqsadli qiruvchi samolyoti O‘zbekiston Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy-havo kuchlariga yetkazib berilganini da’vo qilgandi. Joriy yilning avgust oyi oxirida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi nomini tilga olmagan holda mamlakat havo sarhadlarini qo‘riqlayotgan “zamonaviy qiruvchi samolyotlar”ni namoyish qildi.
Ushbu qiruvchi samolyotlar Xitoyda ishlab chiqarilgan J-10 qiruvchilarining eksport versiyasi – J-10CE hisoblanadi. Samolyotlarining O‘zbekistonga yetkazib berilishi uchinchi mamlakatlarga qarshi qaratilmagan. Bu haqda bugun, 24 sentyabr kuni Xitoy Xalq Respublikasi Mudofaa vazirligining rasmiy vakili Szyan Bin Xitoy Mudofaa vazirligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida OAV vakillarining savollariga javob berish jarayonida aytdi.
“Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi, shuningdek, ikki mamlakat qurolli kuchlari o‘rtasidagi munosabatlar do‘stona xususiyatga ega. Tomonlar o‘rtasida harbiy savdo sohasidagi hamkorlikning me’yoriy rivojlanishi xalqaro huquq va xalqaro amaliyotga mos keladi hamda basharti biror-bir uchinchi tomonga qarshi qaratilmagan”, deydi u.
Ma’lumot uchun, joriy yilning avgust oyi oxirida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi ilk bor Xitoyda ishlab chiqarilgan va qurollanishga qabul qilingan J-10CE qiruvchi samolyotlari aks etgan videoni e’lon qilgan edi. O‘zbekiston Pokistondan keyin ushbu qiruvchi samolyotlarning ikkinchi xorijiy buyurtmachisiga aylandi. Turli davrlarda Jazoir, Bangladesh, Misr, Indoneziya va Sudan ham ushbu samolyotlarga qiziqish bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Braziliyaning Embraer kompaniyasidan C-390 Millennium harbiy-transport samolyotlarini sotib olishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi