Xitoy o‘z savdo sheriklarini ogohlantirdi
Olam
−
21 aprel
8775Xitoy AQSH tomonidan qo‘llanayotgan bosimlar evaziga savdo cheklovlari joriy qilishni ko‘zlagan davlatlarni ogohlantirdi. Bu haqda mamlakat Savdo vazirligi bayonot e’lon qildi.
Ma’lum qilinishicha, Xitoy hukumati savdo hamkorlarini Prezident Donald Trampning “javob tariqasidagi” bojlaridan ozod bo‘lish evaziga Pekinga qarshi chora ko‘rishdan tiyilishga chaqirgan.
Xitoy Savdo vazirligi vakili AQSHning Xitoy iqtisodiyotini izolyatsiyalashga qaratilgan tarif siyosatini izohlar ekan, bu yondashuv barcha tomonlarga zarar keltirishi mumkinligini ta’kidlagan.
“Imtiyozlar evaziga boshqalarning hisobidan vaqtincha foyda olish – bu xuddi yo‘lbarsdan terisini so‘rashga o‘xshaydi. Bunday yondashuv na foyda keltiradi, na barqarorlik yaratadi. Bu nafaqat boshqalarga, balki o‘ziga ham zarar yetkazadi”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Shunday qilib, Xitoy har qanday davlat Pekin manfaatlarini hisobga olmaydigan bitimlar tuzsa, qat’iy javob choralarini ko‘rish bilan ogohlantirmoqda.
15 aprel kuni Amerikaning The Wall Street Journal (WSJ) gazetasi AQSH hukumati import bojlarini olib tashlash bo‘yicha muzokaralar chog‘ida xorijiy davlatlardan Xitoy bilan savdoni cheklashni talab qilish niyatida ekanini xabar qildi. WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, Oq uy xorijiy davlatlardan Pekinga o‘z hududi orqali tovarlarni tashishni taqiqlashni, xitoylik firmalarning u yerda ofis ochishiga yo‘l qo‘ymaslikni va Xitoydan arzon sanoat komponentlarini ularning bozorlariga kirishiga yo‘l qo‘ymaslikni talab qiladi.
“Aniq talablar, Xitoyning o‘z iqtisodiyotidagi ishtiroki darajasini hisobga olgan holda, mamlakatdan mamlakatga sezilarli darajada farq qilishi mumkin”, deya da’vo qilmoqda nashr.
WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, Pekinga bunday bosim tashabbuskori AQSH Moliya vaziri Skott Bessent bo‘lgan.
AQSH Prezidenti Donald Tramp Xitoy importiga bojlarni 145 foizgacha oshirishni buyurdi. Bunga javoban Pekin import qilingan Amerika tovarlariga 125 foizlik bojlar joriy qildi. Oq uy rahbari 17 aprel kuni Qo‘shma Shtatlar Xitoy bilan tariflar bo‘yicha muzokaralar olib borayotganini aytib, Pekin bilan kelishuvga erishish mumkinligiga ishonchi komil ekanini qo‘shimcha qildi.
“Ha, biz Xitoy bilan gaplashamiz. Aytishim kerakki, ular bir necha marta aloqa qilishgan”, dedi Tramp Oval kabinetda jurnalistlar bilan suhbatda.
Xitoy ilgari muloqotga chaqirgan bo‘lsa-da, AQSH bilan muzokaralarni tasdiqlamadi. Shu bilan birga, Pekin savdo urushiga “oxirigacha” kurashishga va’da berdi va Vashingtonni xalqaro tartibni “o‘rmon qonuni”ga qaytarishdan ogohlantirdi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Oq uy Milliy iqtisodiy kengashi direktori Kevin Hasset 130 davlat AQSH ma’muriyati bilan bog‘lanib, tariflar bo‘yicha muzokaralar olib borish istagini bildirgani, AQSH allaqachon ular bilan muzokaralarni boshlaganini aytgandi. 17 aprel kuni Qozog‘iston Savdo va integratsiya vazirining o‘rinbosari Janel Kushukova Qozog‘iston delegatsiyasi import bojlari bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazish uchun AQSHga borishini ma’lum qildi.
LiveBarchasi