Xitoy Ukrainaga qo‘shin kiritishga rozi bo‘ldi
Olam
−
24 avgust 34565 2 daqiqa
Xitoy Ukraina hududida tinchlikparvar missiyaga qo‘shilishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda “Welt am Sonntag” xabar berdi.
Nashrning Yevropa Ittifoqidagi manbalarga tayanib yozishicha, Pekin bunday qadamni faqat BMT mandati asosida amalga oshirishga rozi bo‘lgan.
“Xitoy Ukraina inqiroziga doim ochiq va xolisona yondashib, ob’ektiv va adolatli pozitsiyani himoya qilib keladi. Biz barcha tomonlar umumiy, keng qamrovli, hamkorlikka asoslangan va barqaror xavfsizlik konsepsiyasiga amal qilishlari kerak, deb hisoblaymiz. Xitoy bu jarayonda konstruktiv rol o‘ynashga tayyor”, degan Xitoy Tashqi ishlar vaziri.
Qayd etilishicha, Bryusselda bu tashabbus turlicha baholangan. Bir tomondan, Global Janub davlatlari, jumladan Xitoyning jalb qilinishi – chet el qo‘shinlarini joylashtirish va sulhga rioya etilishini kuzatish masalasida qaror qabul qilishga yordam berishi mumkin. Boshqa tomondan, Yevropa Ittifoqi rasmiylaridan biri Xitoy Ukrainada asosan josuslik faoliyati bilan shug‘ullanishi va mojaro yuz bersa, neytral emas, balki ochiqchasiga rossiyaparast pozitsiyani egallashi mumkinligini aytgan.
Shuningdek, ko‘pchilik YeI mamlakatlari turli sabablar tufayli potensial tinchlikparvarlarga oldindan BMT mandati berilishiga qarshi. Ammo Italiya bu masalada bir necha oydan buyon qat’iy turib olgan.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy joriy yilning 21 avgust kuni Xitoyning xavfsizlik kafolatlarini taqdim etuvchi davlatlar safida bo‘lish ehtimolini rad etgan. Unga ko‘ra, Pekin 2022 yilda urushni to‘xtatishga yordam bermagan va 2014 yilda Rossiya Qrimni qo‘shib olganida ham “hech narsa qilmagan”.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning eslatishicha, 2022 yilda Istanbulda o‘tkazilgan muzokaralarda Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari prinsiplari muhokama qilingan. O‘sha paytda Kiyev NATO va boshqa harbiy bloklarga qo‘shilmaslik hamda neytral maqomni qabul qilishni taklif etgan. Rossiya esa BMT Xavfsizlik Kengashi doimiy a’zolari – Moskva, Pekin, Vashington, London va Parij ishtirokida xavfsizlik kafolatlari g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan.
Shuningdek, “Axios” manbalariga ko‘ra, Xitoyni Ukraina uchun xavfsizlik kafolati beruvchi davlat sifatida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan Alyaskada o‘tgan uchrashuvda tilga olgan.
Hozircha Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini ishlab chiqishda asosan G‘arb davlatlari – Buyuk Britaniya, Fransiya va boshqalar qatnashmoqda. Zelenskiy esa Turkiyani ham potensial kafolat beruvchi davlat sifatida ko‘rsatgan.