Xitoy “Tolibon”ga samolyotlarga o‘q uzishni o‘rgatadi

Olam

image

Joriy yilning 13 sentyabr kuni Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatining mudofaa vazirligi maxfiy hujjat tayyorlagan bo‘lib, u mudofaa vaziri Muhammad Yoqub Mujohid tomonidan imzolangan. Hujjat nozik masalaga – “Tolibon” va Xitoy o‘rtasidagi harbiy hamkorlikka bag‘ishlangan. Bu haqda “Nezavisimaya gazeta” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, hujjat Yoqub tomonidan “Tolibon” armiyasining “havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari qo‘mondonligiga” yo‘llangan va havo hujumidan mudofaa tizimi uchun “radiolokatsiya tizimiga oid professional kadrlarni tayyorlash” vazifasiga qaratilgan.

“Mudofaa vazirligi rahbariyati qarori va rejasiga muvofiq radiolokatsiya tizimlari sohasida kasbiy tayyorgarlikdan o‘tish va malakasini oshirish uchun 22 kishini Xitoy Xalq Respublikasiga yuborishga qaror qilindi”, deya havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari qo‘mondonligini xabardor qiladi mudofaa vaziri.

Mudofaa vaziri ushbu masala yuzasidan Xitoy hukumati bilan ham kelishuvga erishilganini qayd etgan. Shu munosabat bilan harbiy idora rahbari “Tolibon” armiyasining havo hujumidan mudofaa boshqarmasiga “layoqatli, sadoqatli va malakali shaxslarni tanlab olish, ularni tasdiqlash va to‘liq tarjimai hollarini yuborishni hamda ularning safarini tashkil etish uchun mudofaa vazirligi tashqi aloqalar direksiyasiga topshirishni” buyurgan.

Ushbu hujjat nusxasi, shuningdek, Yoqub tomonidan “Tolibon”ning strategik razvedka boshqarmasiga ham yuborilgan. Taxminlarga ko‘ra, aynan shu boshqarma kursantlarni saralash va ularni Xitoyga yuborish jarayonini, shuningdek, ularning Xitoydagi faoliyatini nazorat qiladi. Bunga, jumladan, havo hujumidan mudofaa sohasidagi mutaxassislarning Xitoy maxsus xizmatlari tomonidan yollanishi ehtimoli ham kiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya Ichki ishlar vazirligi “Tolibon” muvaqqat hukumati bilan aloqalar o‘rnatilganini rasmiy tarzda tasdiqlagani haqida xabar berilgan edi. Mamlakat Ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrindtning so‘zlariga ko‘ra, harakat a’zolari bilan aloqa o‘rnatishdan maqsad Afg‘onistonga ko‘proq odamlarni deportatsiya qilish uchun “amaliy to‘siqlarni” bartaraf etish.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy Tolibon harbiy kelishuv

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing