Xitoy Tayvan atrofida jangovar snaryadlar bilan mashq boshladi
Olam
−
04 avgust 2022
6265Xitoy Xalq Ozodlik Armiyasi (XOA) payshanba kuni Tayvan atrofidagi oltita suvda jangovar minoralar bilan keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlarni boshladi. Bu haqda Xitoy markaziy televideniyesi xabar berdi.
Unga ko‘ra, mashg‘ulotlar mahalliy vaqt bilan soat 12:00 da (Toshkent vaqti bilan soat 07:00) boshlangan va 7 avgust kuni tushgacha davom etadi.
Tayvan markaziy axborot agentligi avvalroq xabar qilganidek, XOA mashqlari o‘tkaziladigan oltita hududdan uchtasi orol ma’muriyati o‘zining hududiy suvlari deb hisoblaydigan akvatoriyaga to‘g‘ri keladi: biri orolning janubi-g‘arbiy qismida, qolgan ikkitasi shimoli-g‘arbiy qirg‘oqlari yaqinida.
Xitoyning “Global Times” ma’lumotiga ko‘ra, mashg‘ulotlarda J-20 va J-11 qiruvchi samolyotlari, H-6K strategik bombardimonchi samolyotlari, 052D loyihasi esminetslari va 056A korvetlari ishtirok etadi. Bundan tashqari, XOA qisqa masofali DF-11 ballistik raketalaridan, DF-17 gipertovushli tizimlaridan foydalanadi. Mashqlar davomida oddiy jangovar raketalar birinchi marta Tayvan ustidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchib, uning qirg‘oqlari sharqidagi soxta nishonlarni yo‘q qilishi kutilmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, oltita mashq zonasidan beshtasi materik va orol o‘rtasida shartli chegara vazifasini o‘taydigan Tayvan bo‘g‘ozidagi median chiziqdan sharqda joylashgan.
“Demak, bu chiziqning mavjudligi XOAning bevosita harakatlari bilan inkor etilmoqda”, deya xitoylik harbiy ekspert Chjan Syuefenning so‘zlarini keltiradi nashr.
AQSH Kongressi Quyi palatasi spikeri Nensi Pelosining samolyoti Taybeyning Sonshan aeroportiga qo‘nganidan bir necha daqiqa o‘tgach, XOAning keng ko‘lamli manevrlari haqidagi ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Mashqlar dasturi jonli otishmani o‘z ichiga oladi, shuning uchun XXR hukumati fuqarolik samolyotlari va dengiz kemalarining tegishli oltita hududga kirishini cheklash haqida ogohlantirgan.
Nensi Pelosi 2 avgust kuni kechqurun Taybeyning Sonshan aeroportiga yetib keldi va orolda bir kun ham bo‘lmay, 3 avgust kuni qaytib ketdi. Bu AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikerining 1997 yildan beri orolga qilgan ilk safari bo‘ldi. Pelosi Tayvanda orol ma’muriyati rahbari Say Ingven bilan uchrashdi.
Bu voqea AQSH va Xitoy munosabatlarini taranglashtirdi. Rasmiy Pekin Pelosi kelishidan oldin Tayvan yaqinida harbiy mashg‘ulotlar boshlagandi. Tashrifdan keyin esa orol atrofida bir qancha hududlarda mashg‘ulotlarga start berildi.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi siyosatchining tashrifiga keskin norozilik bildirdi va uni qoraladi. Uning safari “Yagona Xitoy” tamoyili va uchta Xitoy-AQSH kommyunikelari qoidalarini jiddiy ravishda buzishi urg‘ulandi. Pekin, shuningdek, Vashingtonni Xitoyni nazorat qilish uchun Tayvandan foydalanishni to‘xtatishga chaqirdi. Bundan tashqari, diplomatik departament mamlakat suverenitetini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishiga ishontirdi.
Oq uyning fikricha, Pelosining Tayvanga tashrifi Xitoy suverenitetini buzmagan, AQSH ma’muriyati esa “o‘zini qo‘rqitishga yo‘l qo‘ymasligiga” ishontirgan. Amerika rasmiylari mintaqada keskinlikning kuchayishiga hech qanday sabab yo‘qligini ta’kidlamoqda.
Kreml Pelosining safarini mintaqadagi keskinlikni kuchaytiruvchi provokatsiya deb atadi. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov dunyoning barcha davlatlari buni qayd etayotganiga e’tibor qaratdi va Rossiyaning Xitoy bilan birdamligini qayd etdi.
Xitoy harbiylari Pelosi tashrifidan keyin shay holatga keltirildi. Armiya Tayvan atrofidagi bir nechta nuqtada harbiy mashg‘ulotlar boshladi.
Tayvan va AQSH munosabatlari
Tayvan 1949 yilda Chan Kayshi (1887-1975) boshchiligidagi Gomindan qo‘shinlarining qoldiqlari Xitoy fuqarolar urushida mag‘lubiyatga uchragach, orolga qochib ketganidan beri o‘z ma’muriyati tomonidan boshqariladi. O‘shandan beri Tayvan kommunistlar hokimiyatga kelishidan oldin materikda mavjud bo‘lgan sobiq Xitoy Respublikasi bayrog‘i va boshqa atributlarini saqlab qolgan.
Qo‘shma Shtatlar 1979 yilda Tayvan bilan diplomatik aloqalarni uzib, ularni XXR bilan o‘rnatgan. Vashington “yagona Xitoy” siyosatini tan olish bilan birga, ayni paytda Taybey ma’muriyati bilan aloqalarni davom ettirmoqda va orolga qurol yetkazib bermoqda. 2020 yilda AQSHning avvalgi Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Gonkongdagi vaziyat tufayli Pekin bilan munosabatlarning keskinlashuvi fonida Tayvan bilan aloqa va almashinuvlarni sezilarli darajada faollashtirdi, bu esa XXR rasmiylarining noroziligiga sabab bo‘ldi.
AQSH Tayvanning asosiy qurol yetkazib beruvchisidir. Joriy yilning aprel oyida Davlat departamenti Patriot zenit-raketa tizimlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 95 million dollarlik shartnomani ma’qulladi.
LiveBarchasi