Xitoy tarixda ilk bor Qozog‘istonning asosiy savdo hamkoriga aylandi
Olam
−
29 iyul 2023
6292Joriy yilning yanvar-may oylari natijalariga ko‘ra, Xitoy ilk bor Qozog‘iston bilan o‘zaro savdoda Rossiyani quvib o‘tib, mamlakatning asosiy savdo hamkoriga aylandi. Bu haqda “Inbusiness.kz” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Rossiya o‘nlab yillar davomida Qozog‘istoning birinchi raqamli savdo hamkori bo‘lib kelgan, ammo Rossiya-Ukraina urushi, sanksiyalar va yangi geosiyosiy voqeliklar muvozanatni buzgan. Natijada, joriy yilning iyun oyiga kelib Xitoyning Qozog‘iston tashqi savdosidagi ulushi 19,2 foizga yetgan va bu bo‘yicha birinchi marta Qozog‘iston-Rossiya savdo ko‘rsatkichlarini ortda qoldirgan. Qozog‘iston bilan savdo operatsiyalarida Rossiyaning ulushi mos ravishda 18,8 foizni tashkil etmoqda.
Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda Qozog‘istonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va Xitoyga eksporti deyarli 40 foizga o‘sgan. O‘tgan yildan boshlab mamlakatning Xitoy bilan o‘zaro savdo hajmi o‘sa boshlagan. Agar o‘shanda Rossiyaning savdo operatsiyalari hajmi 1,5 milliard dollarga o‘sgan bo‘lsa, Xitoyniki 6,2 milliardga ko‘paygan.
Joriy yilning yanvar-may oylarida Qozog‘istonning Xitoy bilan tovar ayirboshlash hajmi 10,7 milliard dollarni tashkil etdi. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning shu davrida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 8,8 milliard dollar bo‘lgan.
Ikki mamlakat o‘zaro savdo ko‘lamining o‘sishi Xitoyning Qozog‘istonga eksporti hajmi ortishi sababli kuzatildi. Ma’lumot uchun, Xitoy Qozog‘istonga elektrotexnikalar (smartfonlar, noutbuklar), kiyim-kechak va turli avtomobil qismlari yetkazib beradi. Shuningdek, yaqinda ikki davlat o‘zaro vizasiz rejim joriy qilgani ham savdo aloqalaridagi ijobiy dinamikani mustahkamlashi mumkinligi kutilmoqda.
Qozog‘iston va Xitoy o‘rtasidagi chegarada temir yo‘l va quruqlik infratuzilmasini modernizatsiya qilish, kengaytirish va qurish hisobiga bu tendensiya kuchayishi prognoz qilinyapti. Hozirda mamlakatlar o‘rtasidagi yuk tashish hajmi deyarli 50 foizga o‘sib bormoqda.