Xitoy sun’iy yo‘ldoshlarga qarshi maxfiy qurol ishlab chiqdi

Olam

image

Xitoy harbiylari “Starlink” sun’iy yo‘ldoshlarini yo‘q qilish salohiyatiga ega bo‘lgan impulsli qurol ishlab chiqdi. Bu haqda Xitoy Xalq Respublikasi Milliy mudofaa texnologiyalari universiteti tadqiqotchilarining “High Power Laser and Particle Beams” jurnalida chop etilgan maqolasida so‘z boradi.

Milliy mudofaa texnologiyalari universiteti (NUDT) jamoasi Xitoy armiyasi tomonidan so‘nggi yillarda ishlab chiqilgan bir nechta impulsli generatorlarning tafsilotlarini e’lon qildi.

Ular orasida Chjan Szyun boshchiligidagi tadqiqotchilar tushuntirganidek, bir nechta sinxronlashtirilgan impulsli generatorlarni birlashtirish hisobiga 100 gigavatt quvvatga erisha oladigan qurilma alohida ajralib turadi. Taqqoslash uchun: ovqat isitish uchun mo‘ljallangan oddiy maishiy mikroto‘lqinli pech taxminan 800 vatt, ya’ni 0,0000008 GVt quvvatga ega mikroto‘lqinlarni hosil qiladi.

Ushbu ko‘rsatkichning ko‘lamini tasavvur qilish uchun: ekspertlarning fikriga ko‘ra, bor-yo‘g‘i 1 gigavattli impuls ham past orbitadagi sun’iy yo‘ldosh elektronikasiga jiddiy xalaqit berishga yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri shikast yetkazishga qodir. NUDT tomonidan tavsiflangan tizim esa bu quvvatni yuz baravarga oshiradi, buning ustiga ish mualliflari konstruksiyani yanada kengaytirish (quvvatini oshirish) mumkinligini ta’kidlamoqda.

Maqolada aytilishicha, asosiy texnik yechim elektr izolyatsiyasi bo‘yicha cheklovlarga duch keladigan yagona generatorga suyanish o‘rniga, bir nechta ixcham impulsli quvvat modullarini sinxronlashtirishdan iborat. Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, bunday modulli arxitektura har bir blokka majmuaning umumiy ishiga putur yetkazmagan holda, deyarli maksimal rejimda ishlash imkonini beradi.

Olimlarning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda texnologiyalar “laboratoriya prototiplaridan amaliy qo‘llanishgacha” bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan, ishlab chiqilgan qurilmalar esa yanada samarali va chidamli bo‘lgan.

Tadqiqotchilarning baholashicha, bu kabi tizimlarni qo‘llash xarajatlari koinotdagi nishonlarni yo‘q qilishning an’anaviy vositalariga qaraganda sezilarli darajada past bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyda quvvati 1 GVt bo‘lgan dunyodagi eng yirik “Hami” gibrid quyosh elektr stansiyasidan tijoriy maqsadlarda foydalanish boshlangani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing