Xitoy Rossiya uchun yangi dron modelini tayyorladi – “Bloomberg”

Olam

image

Xitoy kompaniyalari Rossiyaga jo‘natish uchun Eronda ishlab chiqariladigan Shahed modelidagi hujumchi dronlarni tayyorlab, ularni sinovdan o‘tkazmoqda. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.

Ishlab chiqilayotgan uchuvchisiz uchish apparatining nomi oshkor etilmagan bo‘lsa-da, “Bloomberg” agentligining Xitoy Mudofaa vazirligi veb-saytlari va ommaviy axborot vositalariga tayanib ma’lum qilishicha, yangi dron modeli Sunflower 200 deb nomlanadi. Shuningdek, jangovar dronlarni ishlab chiqishda ishtirok etgan kompaniyalar nomi ham ochiqlanmagan.

Yevropa rasmiylari “Bloomberg”ga bergan intervyusida Ukrainaning ittifoqchilari Xitoy Rossiya va Eronga qaraganda katta tezlikda hamda son-sanoqsiz hujumkor dronlar ishlab chiqarishi mumkinligidan xavotirda ekanligini ta’kidlagan.

Nashr Xitoy Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishida minglab Shahed dronlaridan foydalanganini qoralamaganiga e’tibor qaratadi. Rasmiy Pekin o‘zini urushda betaraf tomon sifatida ko‘rsatdi va bunga javoban avvalroq Kiyev hamda uning G‘arb ittifoqchilari rad etgan tinchlik rejasini taqdim etdi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa bugun, 3 iyul kuni TASS axborot agentligiga bergan intervyusida Kreml vaziyatga hech qanday munosabat bildirmasligini aytib o‘tgan. Shuningdek, Rossiyaning Mudofaa va Tashqi ishlar vazirliklari ham hech qanday izoh bildirmagan. Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi esa Pekin Rossiya yoki Ukrainani qurol bilan ta’minlayotganini inkor etib, ikki maqsadli mahsulotlar eksportini qattiq nazorat qilishini ma’lum qilgan. Elchixona matbuot kotibi Lyu Pengyuning aytishicha, xalqaro hamjamiyatni kim muloqotga chaqirayotgani, kim tinchlikka intilayotgani yoki ziddiyatlarga turtki bo‘layotgani hammaga oydek ravshan.

Shu bilan birga, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘tgan oy Xitoy rahbari Si Szinpin unga Rossiyaga qurol bermaslikka va’da berganini xotirlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Kiyev va Ukrainaning boshqa hududlariga raketa va dron bilan hujum qilgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Xitoy dron Shahed Sunflower 200

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing