Xitoy raketani qayta qo‘ndirish sinovini muvaffaqiyatli o‘tkazdi

Texnologiya

image

Xitoy bugun, 10 iyul kuni dengiz platformasiga o‘rnatilgan maxsus to‘r orqali raketa tezlatkichini qaytarib olish bo‘yicha tajribaviy tizimni muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda davlatning “Sinxua” agentligi xabar berdi.

Xitoy janubidagi Haynan tijorat kosmodromidan mahalliy vaqt bilan soat 12:15 da “Chanchjen-10B” (Long March 10B) raketasi uchirildi. Davlat telekanali ma’lumotiga ko‘ra, tezlatkich va yuqori bosqich ajralganidan taxminan olti daqiqa o‘tib, tezlatkich vertikal tarzda qaytib, dengizdagi platformaga o‘rnatilgan to‘r yordamida ushlab qolingan.

Ushbu sinov Xitoyning orbital toifadagi raketa tezlatkichini ilk bor muvaffaqiyatli qaytarib olganini anglatadi va mamlakatni qayta foydalanish mumkin bo‘lgan raketa texnologiyalarini yaratishga yanada yaqinlashtiradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yangilik ortidan Xitoy aerokosmik kompaniyalari aksiyalari keskin qimmatlagan. China Spacesat va China Satellite Communications aksiyalari kunlik eng yuqori o‘sish chegarasiga yetgan.

“Chanchjen-10B” ko‘p jihatdan SpaceX kompaniyasining keng qo‘llaniladigan “Falcon 9” raketa tashuvchisiga qiyoslanadi. U Xitoyning asosiy davlat raketa ishlab chiqaruvchisi – China Academy of Launch Vehicle Technology tomonidan tijorat kosmik dasturlari uchun ishlab chiqilgan bo‘lib, past Yer orbitasiga kamida 16 tonna yuk olib chiqish imkoniyatiga ega.

Biroq “Falcon 9” dan farqli ravishda, “Chanchjen-10B” raketa tezlatkichi o‘zining qo‘nish oyoqchalari yordamida quruqlik yoki dengiz platformasiga mustaqil qo‘nmaydi. Uning o‘rniga tezlatkichdagi maxsus “qo‘nish ilgaklari” dengiz platformasiga mahkamlangan to‘rga ilinib qoladi.

Taqqoslash uchun, SpaceX birinchi marta “Falcon 9” raketa tezlatkichini orbital parvozdan keyin 2015 yil dekabrida muvaffaqiyatli qo‘ndirgan. Blue Origin esa New Glenn raketa tizimi bilan bunday natijaga 2025 yil noyabrida erishgan.

Hozirda SpaceX yiliga taxminan 150 marta, ya’ni o‘rtacha haftasiga uch marta “Falcon 9” uchirishini amalga oshiradi. Kompaniya zarur hollarda bir xil tezlatkichdan o‘nlab marta qayta foydalanadi. Mutaxassislar dvigatellar joylashgan tezlatkichni raketaning eng qimmat qismi deb hisoblaydi.

Xitoy esa qayta foydalanish mumkin bo‘lgan raketa texnologiyalari ustida qariyb o‘n yildan buyon ishlab kelmoqda. Bu dastur past balandlikdagi osilib turish sinovlaridan boshlanib, so‘nggi yillarda orbital toifadagi tezlatkichlarni qaytarib olishgacha rivojlandi. Bunday texnologiyalar mamlakatning tez sur’atlarda kengayib borayotgan tijorat sun’iy yo‘ldosh dasturlari uchun uchirish xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirishi kutilmoqda.

“Chanchjen-10” oilasi Xitoyning 2030 yilgacha “Oy” missiyalarini amalga oshirish dasturi doirasida ishlab chiqilmoqda. Shu bois “Chanchjen-10B” sinovi nafaqat qayta foydalaniladigan raketa texnologiyalari, balki mamlakatning keng ko‘lamli “Oy dasturi” uchun ham muhim ma’lumotlar va texnologiyalarni sinash imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Blue Origin kompaniyasining New Glenn og‘ir raketa-tashuvchisi Floridadagi Kanaveral burnida joylashgan 36-start kompleksida o‘tkazilayotgan sinov vaqtida portlab ketgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing