Xitoy paradda qanday yangi qurollarini ko‘rsatdi?

Olam

image

Bugun, 3 sentyabr kuni Xitoy Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan paradda ilk bor DF-5C strategik qit’alararo yadro raketasini namoyish etdi. Bu haqda “Global Times” nashri xabar berdi.

Raketa texnologiyalari va yadroviy qurolsizlanish bo‘yicha mutaxassis, professor Yan Chenszyun nashrga bergan izohida bu raketaning taxminiy uchish masofasi 20 ming kilometrdan ortiq ekanini aytgan (ekvator uzunligi 40 ming km). “Global Times”ning yozishicha, bu raketa dunyoning istalgan nuqtasini nishonga olish imkoniga ega.

Yanning so‘zlariga ko‘ra, raketaning asosiy xususiyatlari – yuqori tezligi, yuqori aniqlikdagi boshqaruv, oddiy yoki yadroviy jangovar kallaklarni olib yurish imkoniyati.

Nashrning qayd etishicha, Xitoy parad davomida yana uch turdagi gipertovushli raketalarini ham ko‘rsatgan – YJ-21, DF-17 va DF-26D.

  • YJ-21 – samolyotdan uchiriladigan ballistik raketa;
  • DF-17 – o‘rta va qisqa masofali raketa;
  • DF-26 esa yadroviy hamda oddiy snaryadlarni olib yurishga qodir ballistik raketa.

Bundan tashqari, paradda turli xil uchuvchisiz apparatlar ham namoyish etilgan. Ulardan biri – “yetakchi dronlar”. Ular uchuvchi boshqaradigan jangovar samolyotlar bilan muvofiq ishlaydi va havo hujumidan mudofaa tizimlarini bostirish, kuzatuv, razvedka, hamrohlik, shuningdek, o‘q-dorilar tashishda qo‘llanilishi mumkin.

“Global Times”ning yozishicha, yana bir yangilik – ustunlik uchun kurashuvchi dronlar. Ekspert Chjan Syuefenga ko‘ra, bunday dronlarni uchuvchisiz havo jangovar kuchlarining eng ilg‘or qurol va texnikalaridan biri deb hisoblash mumkin. Ular mustaqil havo jangini olib borish imkoniyatiga ega. 

Shuningdek, Xitoy kema bortidagi uchuvchisiz vertolyotlarni ham taqdim etgan. Ular razvedka, erta ogohlantirish, kemalarga va suvosti kemalariga qarshi harakatlar, qidiruv-qutqaruv hamda transport vazifalarida ishlatilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq SHHT sammitdan so‘ng, bugun, 3 sentyabr kuni Pekin shahrining Tyananmen maydonida Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar bo‘lib o‘tgani xabar qilingandi. Paradda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham rafiqasi bilan qatnashdi. Shuningdek, unda Xitoy rahbari Si Szinpin, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In va yana 24 davlatning davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etdi.


Maqola muallifi

Teglar

jangovar kallak qit'alararo raketa DF-5C

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing