Xitoy navbatdagi sun’iy yo‘ldoshini kosmosga uchirdi
Olam
−
09 avgust 2023
3241Xitoy atrof-muhit monitoringi va favqulodda vaziyatlarning oldini olish uchun Huanjing Jiancai-2-06 radar sun’iy yo‘ldoshini koinotga muvaffaqiyatli uchirdi. Bu haqda “Interfaks” nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, sun’iy yo‘ldosh bugun, 9 avgust kuni Long March 2C raketasi orqali kosmosga olib chiqildi. Raketa Pekin vaqti bilan soat 06:53 da Tayyuan kosmodromining uchirish maydonchasidan uchirilgan.
Ushbu qurilma barcha ob-havo sharoitida yuqori aniqlikdagi tasvirlarni olish imkonini beruvchi radar diafragma sintezi bilan jihozlangan.
Sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlar Xitoy Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan tabiiy ofatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etishda foydalaniladi. Shuningdek, u Ekologiya va atrof-muhit vazirligi tomonidan atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslarni qidirish , qishloq va o‘rmon xo‘jaligi sohalarida qo‘llaniladi.
Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida Xitoyning Long March 2D raketasi Gobi cho‘lidan ko‘tarilib, orbitaga uchta maxfiy sun’iy yo‘ldoshni olib chiqqan edi.