“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish uchun Putindan rozilik olganman – Japarov

Olam

image

Xitoy tomoni Rossiyaning roziligini olmasdan turib “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishini boshlashdan bosh tortgan. Bu haqda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov jurnalist Ali Toqtakunovga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Japarovning so‘zlariga ko‘ra, 2020 yilda hokimiyatga kelishi bilanoq u Xitoyning o‘sha paytdagi elchisi Du Devenni huzuriga chaqirib, loyihani amalga oshirishni boshlashni taklif qilgan. Shaxsiy suhbat chog‘ida u texnik-iqtisodiy asoslashni (TIA) tayyorlash va moliyalashtirish shartlarini O‘zbekiston bilan muhokama qilish niyatida ekanini bildirgan. Biroq Du Deven Qirg‘iziston bu masalani mustaqil ravishda hal qilolmasligini ochiq aytgan.

“Agar Rossiya qarshi bo‘lsa, agar Rossiya rozilik bermasa, biz bu yo‘l qurilishiga kirisha olmaymiz”, deya Japarov Xitoy elchisining so‘zlarini keltiradi.

Du Deven Xitoy Yevrosiyo hududida joylashganini, Qirg‘iziston esa Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga (KXSHT) a’zo ekanini, shu sababli Moskvaning pozitsiyasini hisobga olmasdan loyihani amalga oshirish mumkin emasligini tushuntirgan. Shu bilan birga, Xitoy tomoni ham Torugartgacha bo‘lgan taxminan 100 kilometrlik yangi tarmoqni qurishi kerak bo‘lgan.

Japarov bu javobdan hayratda qolgan, ammo suhbatdan so‘ng Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan amaliy uchrashuv tashkil qilishni so‘ragan. Uchrashuv ertasi kuni bo‘lib o‘tgan. Qirg‘iziston rahbari Rossiyaga yolg‘iz o‘zi uchib ketgan, muzokaralar taxminan 35-40 daqiqa davom etgan. Japarov Qirg‘iziston transport “tupigida” ekani va bu yo‘lga “havo va suvdek” muhtojligini aytib, Putinni loyihani amalga oshirish zarurligiga ishontirgan. Natijada u rozilikka erishgan va shundan so‘ng loyihaga start berilgan.

Prezident Xitoyning pozitsiyasini tushunishini ta’kidlagan, chunki “bular bir-birining manfaatlarini hisobga olmasdan iloji yo‘q bo‘lgan buyuk davlatlar”.

Magistralning ahamiyati haqida gapirar ekan, Japarov uni o‘n yilliklar emas, balki ming yilliklar loyihasi deb atagan. U yo‘lni shunchaki “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li emas, balki yangilangan Buyuk ipak yo‘li deb atashni taklif qilgan. Uning ishonch bildirishicha, bu yo‘nalish Xitoy yoki boshqa mamlakatlarga emas, birinchi navbatda Qirg‘izistonning o‘ziga kerak.

Tranzitdan keladigan iqtisodiy samarani Prezident har yili byudjetga kamida 400-500 million dollar sof daromad sifatida baholagan. U temir yo‘lni “yangi Qumtor” – tugaydigan tabiiy resurslar o‘rnini bosadigan daromad manbai deb atagan.

Japarov, shuningdek, Qirg‘izistonning ichki temir yo‘l tarmog‘i postsovet davrida taxminan 45 kilometrga qisqarganini ma’lum qilgan – relslar va shpallar demontaj qilingan, ularning o‘rnida esa xususiy kompaniyalar neft bazalari va boshqa ob’ektlarni qurgan. Oxirgi yillarda davlat 65 kilometrga yaqin yangi tarmoq qurgan. Rejada tarmoqni Makmalgacha yetkazish bor. Prezidentning baholashicha, o‘z kuchi bilan qurish taxminan o‘n yil vaqt va atrofida 1 milliard dollar talab qilishi mumkin, investor jalb qilinganda esa ishlarni 2032–2035 yillarga borib yakunlash mumkin.

Shu bilan birga, Japarov ta’kidlashicha, tashqi va ichki kuchlar mavjud bo‘lib, ular qurilishning izdan chiqishini xohlaydi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, ular “Xitoy tahdidi” mavzusini bo‘rttirish uchun tashqaridan moliyalashtiriladigan blogerlar va “jarchilar”dan foydalanmoqda. 

Qayd etish joiz, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li loyihasi so‘nggi o‘n yilliklarda Markaziy Osiyodagi eng yirik infratuzilma loyihalaridan biriga aylandi. Qashg‘ar – Torugart – Makmal – Jalolobod – Andijon yo‘nalishi bo‘yicha marshrutning umumiy uzunligi 532 kmni tashkil etadi, shundan 312 kmi Qirg‘iziston hududidan o‘tadi. Loyiha qiymati 4,7 milliard dollarga baholanmoqda. Kelishuv shartlariga ko‘ra, Xitoy qo‘shma korxonada 51 foiz ulushga, Qirg‘iziston va O‘zbekiston esa 24,5 foizdan ulushga ega bo‘ladi.

Loyihani birgalikda ilgari surish to‘g‘risidagi bitim 2024 yil 6 iyunda imzolangan, qurilishning tantanali boshlanish marosimi esa o‘sha yilning 27 dekabrida Jalolobod viloyatida bo‘lib o‘tgan. Loyihani yakunlash 2030 yillarning boshiga rejalashtirilgan. Yangi magistral Xitoydan Yaqin Sharq mamlakatlarigacha bo‘lgan yo‘lni 900 kmga qisqartiradi va yuklarni yetkazib berish muddatini 7–8 kunga kamaytiradi hamda qit’a ko‘prigining janubiy bo‘g‘iniga aylanib, Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Turkiya va Yevropa Ittifoqi bozorlariga chiqish imkonini ochadi.   

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi loyihasi faol bosqichga o‘tgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing