Xitoy Trampning BRICS va dollar borasidagi tahdidlariga javob qaytardi

Olam

image

AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampning dedollarizatsiya sa’y-harakatlarini amalga oshirayotgan BRICS'ga a’zo davlatlarga tariflar joriy qilish tahdididan so‘ng, Xitoy Qo‘shma Shtatlarni global moliyani beqarorlashtirish va dollar hukmronligini geosiyosiy qurol sifatida qo‘llashda aybladi. Bu haqda “Newsweek” xabar berdi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Lin Szyan Donald Trampning BRICS'ga a’zo barcha davlatlar uchun 100 foiz tarif joriy etish haqidagi tahdidlarini izohlar ekan, rasmiy Pekin BRICS doirasidagi hamkorlikni mustahkamlashda davom etishini bildirdi.

Lin Szyan BRICS mamlakatlari ochiqlik, inklyuzivlik, o‘zaro manfaatli hamkorlik tarafdori ekani, bloklar qarama-qarshiligida qatnashmasligi va uchinchi tomonlarni nishonga olmasligini ta’kidlagan.

Tramp avvalroq BRICS mamlakatlariga tahdid qilgan edi.

“Biz bu mamlakatlardan yangi BRICS valyutasini yaratmaslik yoki qudratli AQSH dollari o‘rnini bosuvchi boshqa valyutani qo‘llab-quvvatlamaslik majburiyatini talab qilamiz, aks holda, ular 100 foizlik tariflarga duch keladi”, degan edi Oq uyning sobiq rahbari.

Dastlab Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrikani o‘z ichiga olgan BRICS mamlakatlari global iqtisodiy o‘sishning muhim qismini tashkil qiladi. Buyuk Britaniyaning Acorn Macro Consulting iqtisodiy tadqiqot kompaniyasi bergan 2023 yilgi hisobotga ko‘ra, ushbu guruh dunyo aholisining 40 foizdan ortig‘ini va xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha jahon yalpi ichki mahsulotining 31,5 foizini tashkil qiladi.

BRICS 2023 yilda Efiopiya, Misr, Eron va Birlashgan Arab Amirliklarini qo‘shib kengaytirildi. Saudiya Arabistoni ham taklif qilingan, ammo hali rasman guruhga qo‘shilmagan. Argentina taklifni rad etgan.

Blokda umumiy valyuta yo‘q bo‘lsada, AQSHda ba’zilar uning muqobil moliyaviy tizimlarni rivojlantirish va savdoda dollarga bog‘liqligini kamaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini uzoq muddatli strategik muammo, deb biladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga Qozondagi BRICS sammitida davlatlararo assotsiatsiyaning “ramziy banknotasi” taqdim etilgandi. Davlat rahbari “banknot”ni Markaziy bank rahbari Elvira Nabiullinaga topshirdi, biroq u  “kvazimipul”ni yoqtirmagandi. Rossiya Prezidenti matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, “BRICS banknotasi” yig‘ilishning rossiyalik ishtirokchilaridan biri tomonidan chop etilgan. Uning fikricha, buni Savdo-sanoat palatasi vakillari amalga oshirgan bo‘lishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

dollar Tramp BRICS Lin' Tszyan'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing