Xitoy armiyasi Rossiyaning Ukrainada urush olib borish tajribasini o‘rganmoqda

Olam

image

Xitoy Xalq Ozodlik Armiyasi (XXOA) Rossiya qo‘shinlarining Ukrainadagi zirhli bo‘linmalar va uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalanish taktikasini faol o‘rganmoqda. Bu haqda bugun, 3 iyul kuni Gonkongning “South China Morning Post” gazetasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, yaqinda XXOAning 82-armiya korpusi brigadasi Pekin yaqinida joylashgan Xebey provinsiyasida mashg‘ulot o‘tkazgan. Harbiy kuzatuvchilarning fikricha, mashqlar davomida xitoylik harbiylar Ukrainadagi Rossiya qo‘shinlarining tajribasidan nusxa ko‘chirgan: ular razvedka qilish va dushmanning tankga qarshi raketa tizimlarining pozitsiyalarini aniqlash uchun dronlardan foydalangan.

"Dronlardan tankga qarshi raketalarning uchirilishini kuzatish uchun zirhli kuchlarning ko‘zi sifatida foydalanish, shuningdek, havo zarbalari uchun dron-kamikadzelarni ishlatish Rossiya kuchlariga qarshi choralarning hamyonbop turlaridan biri sifatida xizmat qiladi", deydi Pekinda joylashgan Yuan van harbiy tahlil markazi.

Armiya korpusi qo‘mondoni Lyu Chen esa Xitoy markaziy televideniyesiga bergan intervyusida birinchi taktik o‘yin davomida unga ishonib topshirilgan bo‘linmalar jangda mag‘lub bo‘lganini aytgan. Shundan so‘ng, qo‘mondonlik xatolar ustida ishlagan va oldinga siljish bo‘linmalarini havo tahdidlariga qarshi turish uchun portativ havo mudofaa tizimlari (MANPADS), shuningdek, ko‘chma radar stansiyalari bilan mustahkamlagan, bu ularga g‘alaba qozonish imkonini bergan.

Bundan tashqari, ular WZ-10 armiya aviatsiyasi vertolyotlarini, Type 099A tanklarini, Type 07 o‘ziyurar artilleriya qurollarini va Type 04 piyoda askarlarning jangovar transport vositalarini hamda qo‘shimcha radar stansiyalarini ishlatgan.

Xitoylik harbiy tahlilchi Sung Chjunpinning fikricha, bu mashg‘ulotlar Ukrainadagi harbiy amaliyotlar tajribasini, xususan, Ukraina Qurolli Kuchlariga G‘arb davlatlari tomonidan yetkazib berilgan Stinger va Javalin MANPADS’larga qarshi turish taktikasini aks ettiradi. 

“Ukrainadagi urush ko‘plab mamlakatlarni qurolli kuchlarini modernizatsiya qilishga ilhomlantirdi. XXOA o‘quv tizimini modernizatsiya qilish uchun Ukrainadagi janglarni diqqat bilan kuzatmoqda”, degan Sung Chjunpin. 

Ma’lumot uchun, 82-armiya korpusi XXOA jangovar qo‘mondonligi markaziy zonasining bir qismidir va u Pekin mudofaasi uchun javobgardir.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina urush Xitoy armiyasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing