Xitoy AQSHning uchta kompaniyasini “qora ro‘yxat”ga kiritdi
Olam
−
20 may 2024 5933 1 daqiqa
Xitoy Xalq Respublikasi Savdo vazirligi Amerikaning uchta kompaniyasini Tayvanga qurol sotish bo‘yicha ishonchsiz tashkilotlar ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqda vazirlik saytida tegishli bayonot e’lon qilindi.
“Mamlakat suvereniteti, xavfsizligi va taraqqiyot manfaatlarini himoya qilish maqsadida General Atomics Aeronautical Systems, General Dynamics Land Systems, shuningdek, Boeing Defence, Space & Security kompaniyalariga nisbatan cheklov choralari joriy etilmoqda”, deyiladi vazirlik xabarida.
Aniqlik kiritilishicha, kompaniyalar Tayvanga qurol sotish bilan shug‘ullanadi. Ularga Xitoy bilan savdo qilish, shuningdek, mamlakatga yangi sarmoya kiritish taqiqlangan. Kompaniya rahbarlarining Xitoyga kirishi man etilgan.
Savdo vazirligining ta’kidlashicha, Boeing Defence, Space & Security kompaniyasi Tayvanga qurol sotish shartnomalari miqdoridan ikki baravar ko‘p jarima to‘lashi kerak.
Vazirlik xitoylik tadbirkorlarni 2023 yil fevral oyida ishonchsiz korxonalar ro‘yxatiga kiritilgan Lockheed Martin korporatsiyasi va Raytheon Missiles & Defence’ga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam berganlikda gumon qilinayotgan AQSHning Caplugs kompaniyasi bilan muomala qilishda ehtiyot bo‘lishga chaqirdi. Caplugs’ga qarshi eksport nazorati joriy etilmoqda: Xitoy kompaniyalari o‘z mahsulotlari Caplugs orqali sanksiyalangan korxonalarga yetkazib berilmasligini ta’minlashi kerak.
Xitoy Tayvan bosh ijrochi direktori Lay Sinde lavozimga kirishgan kuni Amerika qurol yetkazib beruvchilariga qarshi sanksiyalarni e’lon qildi.
Live
Barchasi