Xitoy AQSHni javob zarbasi bilan ogohlantirdi
Olam
−
14 dekabr 2021
20302Xitoy AQSHni uning sanksiyalariga jiddiy javob berish bilan ogohlantirdi. Kecha, 13 dekabr kuni Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Matbuot kotibi Vang Venbin jurnalistlar bilan bo‘lgan uchrashuvda AQSHning sanksiyalarini “noto‘g‘ri harakatlar”deya baholadi.
Unga ko‘ra, AQSHning Xitoyni inson huquqlarini buzishda ayblab joriy etgan sanksiyalariga Pekin tomonidan qattiq javob bo‘ladi.
“Biz AQSHni noto‘g‘ri qarorlarini zudlik bilan bekor qilishga hamda Xitoyning ichki ishlariga aralashishni va Xitoy manfaatlariga zid harakatlarni bas qilishga chaqiramiz. Agar AQSH o‘ylamasdan qilayotgan harakatlarini davom ettiradigan bo‘lsa, Xitoy unga keskin zarba berish uchun samarali choralar ko‘radi”, deya ta’kidladi Matbuot kotibi uchrashuv chog‘ida.
U, shuningdek, Xitoyning Shinjon muxtoriyatidagi musulmon uyg‘ur jamiyatiga nisbatan siyosatini himoya qilib, uni “zo‘ravonlik, terrorizm, separatizm va diniy ekstremistik kuchlarga qarshi kurashish”, deya atadi.
"Qo‘shma Shtatlarning noto‘g‘ri harakatlari, Shinjon rivojlanishiga ta’sir etgan holda Xitoyni taraqqiyotdan to‘xtatib, uning tarixiy rivojlanish tendensiyasini teskari tomonga o‘zgartira olmaydi", deya qo‘shimcha qildi u o‘z nutqida.
Xitoyning g‘azablanishiga sabab, o‘tgan hafta AQSHning Xitoy, Myanma va Shimoliy Koreyalik bir qator yuridik shaxslar va tashikilotlarga inson huquqlarining buzilishi aybi bilan jiddiy sanksiyalar joriy qilgani bo‘lmoqda.
AQSH sanksiya kiritgan tashkilotlar orasida Xitoyning sun’iy aql yordamida insonlar qiyofasini tanib, farqlovchi kuzatuv kameralarini ishlab chiqaruvchi “SenseTime” kompaniyasi ham o‘rin olgan.
Joriy yilning 9-10 dekabr kunlari o‘tkazilgan butunjahon “Demokratiya sammiti”da AQSH Prezidenti Jozef Bayden o‘z bayonotida Xitoyda uyg‘ur musulmonlariga nisbatan inson huquqlarining buzilishi va Gong Kong masalasida Pekin yuritayotgan noto‘g‘ri siyosatga to‘xtalib o‘tgan.
Xitoy Shinjondagi inson huquqlarining buzilishini rad etmoqda, biroq AQSH hukumati va ko‘plab inson huquqlari tashkilotlari Pekinning genotsid amalga oshirayotgani haqida bong urib kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 9 dekabr Xalqaro genotsidning oldini olish kunida Londondagi Uyg‘ur sudi Xitoy hukumatini uyg‘urlar va boshqa milliy ozchiliklarni genotsid qilishda aybdor deb topgandi. Sud, Xitoy Kommunistik partiyasini uyg‘urlar orasida tug‘ilish darajasini pasaytirish bo‘yicha maqsadli va tizimli siyosat olib borish, zo‘ravonlik, qiynoqlar va majburiy sterilizatsiya kabi g‘ayriinsoniy jinoyatlarda ham aybdor deb topgandi.
Behruz Saidov
LiveBarchasi