Xitoy AQSHni Kubadagi bazadan kuzatmoqda – “Politico”
Olam
−
10 iyun 2023
11363Xitoy Kubadagi bazasidan Amerika Qo‘shma Shtatlar haqida razvedka ma’lumotlarini yig‘ish uchun foydalanmoqda. Bu haqda bugun, 10 iyun kuni AQSH rasmiysiga tayanib, “Politico” nashri xabar berdi.
Aytilishicha, Xitoy Qo‘shma Shtatlarni Kubadagi bazadan kuzatmoqda. Amerika rasmiysining fikricha, Vashington bu vaziyatdan xavotirda va unga qarshi choralar ko‘rmoqda.
“Bu bizning ma’muriyatimizga meros bo‘lib qolgan muammo”, degan shaxsini ochiqlanishini istamagan AQSH rasmiysi nashrga.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy bu inshootdan ma’lumot to‘plash uchun AQSHning amaldagi Prezidenti Jo Bayden hokimiyatga kelishidan oldin foydalana boshlagan.
“Ushbu ma’muriyat 2021 yil yanvar oyida ish boshlaganida, bizda XXRning xorijdagi logistika ta’minotini kengaytirish, harbiy quvvatni uzoqroq masofada loyihalash va qo‘llab-quvvatlash uchun bazalar va razvedka ma’lumotlarini yig‘ish infratuzilmasidan foydalanish bo‘yicha bir qator maxfiy harakatlari haqida ma’lumotlar bor edi. Bunga Kubada XXR razvedka ma’lumotlarini yig‘ish vositalarining mavjudligi ham kiradi. Aslida, Xitoy 2019 yilda Kubadagi razvedka ma’lumotlarini yig‘ish vositalarini yangiladi. Bu razvedka hisobotlarida to‘liq hujjatlashtirilgan”, deydi AQSH rasmiysi.
Amerikalik mulozimning so‘zlariga ko‘ra, Bayden o‘z ma’muriyati vakillariga bu masalani Xitoy rasmiylari bilan muhokama qilish haqida ko‘rsatma bergan.
“Biz buni bir necha oy davomida qildik. Mutaxassislarimizning baholashiga ko‘ra, bizning diplomatik sa’y-harakatlarimiz XXR ishini sekinlashtirdi”, deydi rasmiy.
Bunga qaramasda, amerikalik rasmiy Xitoy Kubadagi ishtirokini kengaytirishga harakat qilishda davom etishini istisno qilmagan va Vashington buni oldini olishga harakat qilishini aytgan.
Manbaga ko‘ra, AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Xitoyga bo‘lajak safari chog‘ida bu masalani muhokama qilishi mumkin.