Xitoy AQSHni Guantanamo qamoqxonasini zudlik bilan yopishga chaqirdi 

Olam

image

Xitoy Amerika Qo‘shma Shtatlarini Guantanamo qamoqxonasini zudlik bilan yopishga va mahbuslarni qiynoqqa solganlarni javobgarlikka tortishga chaqirdi. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Van Venbin ma’lum qildi.  

“Guantanamo qamoqxonasi inson huquqlari tarixidagi qora sahifadir”, degan diplomat. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Guantanamo qamoqxonasiga birinchi mahbuslar kelganidan buyon o‘tgan 20 yil ichida mahkumlarni qiynoqlarga solish haqidagi shov-shuvli xabarlar gazeta sahifalarida qayta-qayta bosilgan va bu xalqaro hamjamiyatning keskin noroziligiga sabab bo‘lgan. Uning ta’kidlashicha, “Amerika tomoni bir necha bor qamoqxonani yopishga va’da bergan, biroq oradan 20 yil o‘tib, bugun ham Guantanamoda 39 kishi qolmoqda”. 

"Aslida, butun dunyoda Amerika tomonidan yaratilgan maxfiy qamoqxonalar mavjud, Guantanamo “aysbergning bir uchi”, xolos. AQSH o‘z harakatlarini qayta ko‘rib chiqishi, Guantanamo qamoqxonasi va butun dunyo bo‘ylab tarqalgan maxfiy qamoqxonalarni zudlik bilan yopishi, o‘zboshimchalik bilan hibsga olishlar, mahbuslarga nisbatan qo‘pol muomala va boshqa vahshiyliklarni to‘xtatishi, jabrlanganlardan kechirim so‘rashi va tovon to‘lashi, qiynoqlarni buyurgan va qo‘llaganlarni javobgarlikka tortishi kerak”, deb ta’kidlagan u. 

Ma’lumot o‘rnida, Guantanamo qamoqxonasi 2002 yilda AQSHning o‘sha paytdagi Prezidenti Jorj Bush davrida tashkil etilgan. Afg‘onistondagi operatsiya va boshqa aksilterror reydlari davomida qo‘lga olingan shaxslar ushbu lagerga o‘tkazilgan. Ilgari Guantanamo qamoqxonasida bir necha yuz mahbus bor edi. U yerdagi mahbuslar aslida huquqiy vakuumda. 2009 yil yanvarida kichik Bushning o‘rniga prezidentlik lavozimini egallagan Barak Obama vakolat muddati boshlanganidan keyin darhol maxsus qamoqxonani 12 oy ichida yopish haqidagi farmonni imzolagan. Shunga qaramay, Guantanamo qamoqxonasi bugungacha mavjud bo‘lib qolmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Xitoy Guantanamo

Baholaganlar

493

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing