Xitoy AQSHga jiddiy ayblov qo‘ydi 

Olam

image

Xitoy Amerika Qo‘shma Shtatlarini dunyodagi eng yirik urush va mojarolarni tarqatuvchisi deb hisoblaydi. Bu haqda bugun, 23 fevral kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Van Venbin ma’lum qildi.

“Qo‘shma Shtatlar eng katta urush qo‘zg‘atuvchisi hisoblanadi. 240 yildan ortiq tarixida Qo‘shma Shtatlar bor-yo‘g‘i 16 yil davomida urushga kirishmagan”, deydi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili.

Uning ta’kidlashicha, Ikkinchi jahon urushi tugaganidan keyin Vashington qurolli mojarolarning qariyb 80 foizini boshlab bergan, 50 dan ortiq xorijiy hukumatlarni ag‘darishga uringan, kamida 30 mamlakatdagi saylovlarga aralashgan va 50 dan ortiq xorijiy yetakchilarni yo‘q qilishga uringan.

Ma’lumot uchun, AQSH-Xitoy munosabatlari so‘nggi paytlarda Amerika osmonida paydo bo‘lgan Xitoy “josus shari” mashmashasi ortidan yomonlashgan edi.

O‘shanda Xitoy tarafi havo sharini ilmiy maqsadlarda foydalanilgan deb da’vo qilgan, AQSH esa uni urib tushirib, tekshiruv o‘tkazgan va sharni razvedka maqsadlarida qo‘llanilganini ma’lum qilgandi. Keyinchalik AQSH davlat departamenti 150 ga yaqin xorijiy diplomatlarni Xitoy “josus shari” xavfidan ogohlantirgandi. 

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Van Venbin AQSHni eng yirik josus davlat deb atagan. Uning milliy xavfsizlik agentligi Germaniya, Fransiya, Norvegiya, Shvetsiya, Niderlandiya va boshqa Yevropa davlatlarining yuqori martabali amaldorlarining matnli xabarlarini kuzatib, telefon qo‘ng‘iroqlarini tinglab borishini aytgandi.

Alibek Beyjanov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing