Xavi Niderlandiya terma jamoasi bosh murabbiyi bo‘ldi
Sport
−
09:26 501 2 daqiqa
2010 yilgi Jahon chempioni, ispaniyalik Xavi futbol bo‘yicha Niderlandiya terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bu haqda Niderlandiya Qirollik futbol assotsiatsiyasi (NFA) matbuot xizmati ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, mutaxassis bilan kelishuv 2030 yilgi Jahon chempionati yakuniga qadar amal qiladi.
Xavi 2026 yilgi Jahon chempionatining 1/8 finalidagi mag‘lubiyatdan so‘ng iste’foga chiqqan Ronald Kuman o‘rnini egalladi. Kuman 2023 yil aprelidan buyon Niderlandiya terma jamoasini boshqarib kelgan. Uning rahbarligida jamoa 2024 yilgi Yevropa chempionatining yarim finaliga qadar yetib borgan.
46 yoshli Xavi so‘nggi bor Ispaniyaning “Barselona” klubini boshqargan. U 2021 yil noyabridan 2024 yil mayiga qadar kataloniyaliklar jamoasiga ustozlik qilgan. Uning rahbarligida “Barselona” 2023 yilda Ispaniya chempionati va Ispaniya Superkubogini qo‘lga kiritgan.
Ma’lumot uchun, Xavi 2019-2021 yillarda Qatarning “Al-Sadd” klubida bosh murabbiy sifatida faoliyat yuritgan. U “Barselona” tarbiyalanuvchisi bo‘lib, 1998-2015 yillarda klub safida to‘p tepgan. Xavi kataloniyaliklar bilan sakkiz marta La Liga, uch marta Qirol kubogi va to‘rt marta Chempionlar ligasida g‘olib chiqqan.
U “Barselona” safida jami 767 ta o‘yin o‘tkazib, 85 ta gol urgan va 185 ta golli uzatmani amalga oshirgan.
Xavi Ispaniya terma jamoasi bilan 2010 yilgi Jahon chempionati, 2008 va 2012 yilgi Yevropa chempionatlarida g‘olib chiqqan. Shuningdek, 2000 yilgi Olimpiya o‘yinlarida kumush medalni qo‘lga kiritgan.
Live
Barchasi