Midweek: NATO va Rossiyaning Polshadagi “2027 yilgi uchrashuvi”, Xitoyning jahannam quroli, “dasturxon” ustidagi Pentagon sirlari, Putinning muzokaralarga yoqqan “yashil chirog‘i”

Tahlil

Tramp ma’muriyati harbiy maxfiylik siyosatini nafaqat bir jurnalist ko‘z o‘ngida, balki oila davrasida muhokama qilgani ma’lum bo‘ldi. Bu safar shaxsan Pentagon rahbarining o‘zi qovun tushirgan.

Katolik dunyosida katta yo‘qotish. Papa Fransisk 88 yoshida Vatikandagi qarorgohida vafot etdi.

Putinning Pasxa sulhi ko‘ngildagidek o‘tmadi. Jangovor harakatlar qaytadan boshlandi. Ammo Putin tomonidan dunyo uchun umidli signal berildi. U bevosita muzokaralarga tayyor.

Rossiya va NATOning ehtimoliy to‘qnashuvi yana ikki yil oldinga surildi. Mutaxassis bu jarayon 2027 yildayoq Polshadagi nozik chiziqlardan boshlanishi mumkinligini bildirdi. 

Papadan judo bo‘lgan katoliklar

21 aprel kuni Rimdagi katolik konfessiyasining Muqaddas taxti bo‘shab qoldi. Shu kuni Papa Fransisk 88 yoshida Vatikandagi qarorgohida vafot etdi. O‘limidan bir kun oldin Rim Papasi Pasxa bayrami munosabati bilan Vatikandagi Avliyo Pyotr sobori balkonida chiqish qilgandi. Shuningdek, uning so‘nggi murojaatlari Ukraina va G‘azoda davom etayotgan qirg‘inlarni to‘xtatishga qaratilgandi. 2025 yil fevral oyida Fransisk ikki marta pnevmoniya bilan shifoxonaga yotqizilgan. 23 mart kuniga kelib, u shifoxonadan chiqdi va aprel oyi boshida Vatikandagi Avliyo Pyotr maydonida omma qarshisida nogironlar aravachasida o‘tirib, dindorlarga murojaat qildi. Shifokor Serxio Alfiyeri o‘shanda 88 yoshli Papaning shifoxonadan uyiga qaytishini “mo‘’jiza” deb atagandi. Uning o‘limi insult ortidan sodir bo‘lgani ma’lum qilindi. Vatikan tomonidan e’lon qilingan o‘lim guvohnomasida aytilishicha, insult og‘ir va qaytarib bo‘lmaydigan yurak yetishmovchiligiga olib kelgan. Tibbiy xulosaga ko‘ra, Fransisk multimikrobiyal ikki tomonlama pnevmoniya, ko‘p bronxoektaziya, yuqori qon bosimi va 2 turdagi diabet tufayli kelib chiqqan o‘tkir nafas yetishmovchiligidan aziyat chekkan. Ma’lumot uchun, Fransisk 2013 yilda papa etib saylangan va o‘shandan beri bir necha kasallik bilan og‘rib kelayotgan edi. U 2021 yilning iyul oyida ham 10 kun shifoxonada yotib, yo‘g‘on ichak torayishidan davolangan. Keyinchalik Fransisk yo‘g‘on ichagining bir qismini olib tashlash uchun jarrohlik amaliyotidan o‘tgan. Bundan tashqari, u 2022 yildan beri tizzalaridagi og‘riq sababli nogironlar aravachasidan foydalanib kelgan.

Ayni damda Vatikan Fransiskning dafn marosimiga tayyorlanmoqda va bu tadbir joriy yilning 26 aprel kuni bo‘lib o‘tkazilishi ma’lum qilindi. Aytishlaricha, u papalarning dafn marosimini “ortiqcha” deb hisoblagan va bir nechta an’anaviy tadbirlardan voz kechgan. Qayd etilishicha, Fransiskni Vatikanga emas, balki Santa-Mariya-Major Rim bazilikasiga dafn etishadi. Marosimga AQSH Prezidenti Donald Tramp, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va Braziliya Prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva kelishi rejalashtirilgan. E’tiborli tomoni shundaki, papaning dafn marosimiga kelishi aytilayotgan Tramp uchun bu tashrif, uning ikkinchi muddatga saylanganidan keyingi ilk xorijiy tashrifi bo‘ladi.

Shu tariqa, Vatikandagi taxt bo‘sh qoldi. Uning navbatdagi egasi kim bo‘lishi haqida esa qator taxminlar mavjud. Tartibga ko‘ra esa Katolik cherkovining yangi rahbarini saylash uchun Fransisk vafotidan 15-20 kun o‘tgach konklav chaqiriladi. Har qanday katolik erkak bu lavozimga o‘z nomzodini qo‘yishi mumkin, lekin tajribada papalar odatda kardinallardan biri bo‘ladi. Italiyaning “La Stampa” gazetasi hozirda Vatikan davlat kotibi lavozimini egallab turgan Petro Parolinni Rim papasi lavozimiga eng asosiy ehtimoliy nomzod sifatida ko‘rsatdi. Parolin, nashrning ta’kidlashicha, “cherkovni ochiq saqlay oladi”. Ammo yana 3 nafar nomzod ham bor bo‘lib, ular ganalik Piter Tarkson, filippinlik Luis Tagle va vengriyalik Peter Erdodir. Marhum papa Fransiskning o‘zi esa Argentinalik edi. Papaning o‘limiga dunyoning turli nuqtalarida mavjud konfessiyalardan kelib chiqib, o‘ziga yarasha munosabat bildirilmoqda. Jumladan, Argentina hukumati bir haftalik motam e’lon qildi. Ispaniya va Livanda ham motam. Buyuk Britaniyada esa aza belgisi sifatida Britaniya qiroli Charlz III'ning barcha qarorgohlarida davlat bayroqlari yarmiga tushirilishi e’lon qilindi. Dunyo liderlari qatorida Prezident Shavkat Mirziyoyev ham Vatikanga va yer yuzidagi butun katolik ahliga hamdardlik bildirdi.

Oilaviy yumushga aylangan Pentagon ishi

Mudofaa masalasi juda nozik va mamlakat xavfsizligidagi eng ta’sirchan muhim bo‘g‘in hisoblanadi. Ammo harbiy sohada dunyodagi eng qudratli mamlakatning bugungi rahbariyati uchun ko‘p ehtimol bu tushuncha hozircha ahamiyatsizdek ko‘rinmoqda. Ular harbiy masalalar va undagi jiddiy maxfiylikni kechki tushlik paytida, oila davrasida muhokama qilinadigan suhbatga aylantirmoqda. Pentagon rahbari, sobiq teleboshlovchi Pit Hegset va Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Mayk Uolts tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolar ancha paytdan beri ko‘pchilikning hayrati va kulgusiga sabab bo‘lyapti. Esingizda bo‘lsa, Tramp tomonidan unchalik ham xushlanmaydigan “The Atlantic” nashrining bosh muharriri 24 mart kuni Signal messenjeridagi AQSHning yuqori darajali rasmiylari mavjud bo‘lgan chatga tasodifan qo‘shilib qolganini oshkor qilgandi. Eng qizig‘i unda Oq uy rasmiylari Yaman husiylarining pozitsiyalariga mart oyining o‘rtasida yo‘llagan zarbalarini muhokama qilgan. Zarba qachon berilishi va missiya yakunlangach ular bir-birini tabriklashi kabi yozishmalar suhbatning asosini tashkil qilgan. Chatda 18 kishi, jumladan Mudofaa vaziri Pit Hegset, AQSH Prezidentining Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff, milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Mayk Uolts va ichki xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Stiven Miller kabi amaldorlar bor edi. Jurnalist bu chatga Mayk Uolts nomiga ochilgan akkaunt tomonidan yuborilgan havola orqali kirib qolgan. Keyinroq nashr yozishmalarning to‘liq stenogrammasini chop etdi. Jurnalistlarga ko‘ra, bu mashmasha Signal messenjeridagi o‘sha suhbati ishtirokchilari, jumladan, AQSH Milliy razvedka direktori Tulsi Gabbard va Markaziy razvedka direktori Jon Ratkliff voqeani bosdi-bosdi qilmoqchi bo‘lgan. Ammo bundan butun dunyo xabar topdi. Tramp o‘z maslahatchisining mazkur qo‘pol xatosii xaspo‘shlashga harakat qilib, jurnalist bu chatga Uolts emas, balki uning yordamchisi tomonidan yo‘l qo‘yilgan xato ortidan jalb qilinganini ta’kidladi. AQSH prezidenti suhbatda hech qanday maxfiy ma’lumotlar oshkor qilinmaganini ham qo‘shimcha qilgandi. O‘shanda bu xatolikka yo‘l qo‘ygan “chat qahramonlari” “The Atlantic” nashrining mazkur voqea haqidagi materialidan so‘ng zudlik bilan Senatda ko‘rsatma berdi. Ular ham huddi Tramp kabi onlayn suhbat davomida hech qanday maxfiy ma’lumotlar berilmaganini aytdi. Biroq Mudofaa vazirligining sobiq rasmiylari hujumdan oldin uchish vaqti va samolyotlarning turlari haqidagi xabarlar uchuvchilar hayotini xavf ostiga qo‘yishi mumkin edi, deb hisobladi. 

Ammo mana oradan bir oy o‘tib, AQSH rasmiylari tomonidan ochilgan o‘sha chat va undagi muhokamalar shunchaki “xamir uchidan patir” ekani ma’lum bo‘ldi. “The New York Times”ning xabariga ko‘ra, AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegset 15 mart kuni Sigran ilovasidagi rafiqasi, ukasi va shaxsiy advokatini o‘z ichiga olgan shaxsiy chatda ham Yamanga beriladigan bo‘lajak zarbalar tafsiloti bilan o‘rtoqlashgan. NYT manbalariga ko‘ra, Pentagon rahbari ushbu chatda hatto vazifasi Yamandagi husiylarga zarba berish bo‘lgan F/A-18 Hornet qiruvchilarining parvoz jadvalini ham eslatgan. Xuddi shu hujum rejalari yuqorida nomi qay etilgan “The Atlantic” bosh muharriri Jeffri Goldberg xatolik bilan qo‘shilib qolgan Signal'dagi boshqa bir chatda ham oshkor qilingan. Ushbu oilaviy chatda mavjud bo‘lganlardan biri, Hegsetning rafiqasi, “Fox News” telekanalining sobiq prodyuseri hisoblanadi va u Pentagon xodimi emas. Hegsetning ukasi va uning shaxsiy advokati Tim Parlatore esa Pentagonda ishlaydi. Atlantika muharriri tasodifan qo‘shilib qolgan suhbat chatdan farqli o‘laroq, bu chatni Hegsetning o‘zi 2025 yil yanvar oyida, Pentagonga rahbar etib tasdiqlanishidan oldin yaratgan. Chat “Defence Team Huddler” deb nomlangan va Hegset buning uchun davlat telefonidan emas, balki shaxsiy telefonidan foydalangan. Uning bu ishi Mayk Uoltsnikidan ham oshib tushdi. Shu bois ayni damda AQSH rasmiylari Hegset boshchiligidagi mudofaa sohasida mavjud maxfiylik haqida jiddiy xavotirda ekani va unga bu masalada ishonch qolmagani aytilmoqda.

Reja emas, umidga bog‘langan tinchlik 

19 aprel kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Pasxa bayrami munosabati bilan sulh e’lon qilgandi. Bu sulh 19 aprel soat 18:00 dan 21 aprel soat 00:00 gacha amalda bo‘lishi aytildi. Putin bu vaqt oralig‘ida Rossiya barcha harbiy harakatlarni to‘xtatishini bildirdi. Zelenskiy esa bunga ishonchsizlik bildirib, Putinning Pasxa sulhi Kursk va Belgorod viloyatlari uchun amal qilmayotganini ta’kidladi. Bosh qo‘mondon Aleksandr Sirskiy 20 aprel kuni soat tongi 6:00 holati bo‘yicha bergan hisobotiga ko‘ra oldingi chiziqning turli hududlarida Rossiya bo‘linmalari tomonidan 59 marta o‘qqa tutish holatlari ro‘y bergan va beshta hujum operatsiyasi amalga oshirilgan. Ammo Ukraina tomonidan e’lon qilingan keying hisobotlarda bu raqamlar yangilanib bordi. Agar ularga ishonilsa, Putin o‘zi tomonidan e’lon qilingan bu qisqa tinchlikka eng avvalo o‘zi amal qilmagan bo‘lib chiqadi. Chunki Zelenskiy Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh Qo‘mondoni Aleksandr Sirskiyning umumiy hisobotiga tayanib, 30 soatlik o‘t ochishni to‘xtatish rejimida Rossiya qo‘shinlari turli yo‘nalishlarda 2000 marotaba bu sulhni buzganini da’vo qildi. Bu esa Putin “pasxa sulhini” “pasxa hiylasi”ga aylantirganini bildiradi. Ammo Rossiya tomoni ham o‘t ochishni to‘xtatish rejimini Ukraina ham buzganini iddao qildi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligining maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchisi Rodion Miroshnikning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari 20 aprel kuni erta tongda Donetsk viloyati Gorlovkaning Nikitovskiy tumani, shuningdek, Kremennaya shahri chekkalarini o‘qqa tutgan. Eng qizig‘i shundaki, Rossiya tomoni sulh buzilish holatlari aks etgan raqamlarni Ukrainaga nisbatan naqd 2.5 baravar bo‘rttirib ko‘rsatdi. Mudofaa vazirligining rasmiy axborotiga ko‘ra, kelishuv davrida Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan sulh shartlari go‘yoki 4,9 ming marta buzilgan. Ammo bu borada ikki davlat bir-birini qanchalik aybdor qilib ko‘rsatishiga qaramay, Ukraina prezidenti Zelenskiy sulhni yana bir oyga cho‘zishni taklif qildi. Biroq Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kreml Pasxa sulhini uzaytirishni rejalashtirmagani ma’lum qildi. Shundan so‘ng, Rossiya Qurolli kuchlari Putin tomonidan e’lon qilingan ammo deyarli amal qilinmagani iddao qilingan Pasxa sulhi tugashi bilan jangovar harakatlarni qayta boshladi. 

Shu tariqa 3 yildan ortiq vaqtdan buyon davom etayotgan Rossiya bosqinining hech bo‘lmaganda qisqa vaqtga bo‘lsada tin olishi uchun pasxa ham kor qilmadi. Ammo hali ham Vashingtonda bosqinni tez fursatlarda yakunlash umidi so‘ngani yo‘q. Donald Tramp hatto shu hafta oxiriga qadar ikki tomonning til topishishiga umid bog‘lamoqda. Ammo juda uzoq vaqtga cho‘zilgan bosqinning yakunlanishiga haligacha aytarli asos mavjud emas. Aniqrog‘i Rossiya ishg‘ol ostidagi Ukraina yerlaridan voz kechishi amri mahol, faqatgina kuch va bosimni tushunadigan Kremlga qarshi mazkur vositalarni qo‘llashi mumkin bo‘lgan yer yuzidagi yagona davlat bo‘lmish Qo‘shma Shtatlar Tramp omili tufayli hozircha “Putinni boshini silamoqda” deyish mubolag‘a bo‘lmaydi. Ukraina esa aslida o‘zini haqqi hisoblangan yerlariga ko‘z yummasligini esa tushunsa bo‘ladi. Ammo nima bo‘lishidan qat’i nazar vaqti-vaqti bilan unchalik samarali bo‘lmasada, tinchlik uchun oldinga siljishlar ham yo‘q emas. Ayniqsa shu haftada Vladimir Putin Ukrainaga fuqarolik ob’ektlarini o‘qqa tutmaslik bo‘yicha kelishuvga erishish mumkinligini ma’lum qildi. U hatto bevosita muzokaralarga ham “yashil chiroq” yoqdi. Ammo roppa-rosa bir yildan buyon tinimsiz ta’kidlab kelayotgan va aynan o‘zi tomonidan o‘rnatilgan bariyer – go‘yoki “Zelenskiyning legitimligi yo‘q” (Putin talqini) degan qarashlarni ilgari surmadi. Shuning o‘zi ham bugungi kun sharoitida juda yaxshi yangilikdir. O‘z o‘rnida Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham Ukrainadan muzokaralarni bloklovchi to‘siqlarni olib tashlashni so‘radi. Chunki Zelenskiy bosqin yillari davomida Rossiya bilan muzokaralar o‘tkazishni man qilgani ko‘pchilikka ma’lum.

Xavotirli 2027 yil 

Britaniya Qirollik Birlashgan Xizmatlar Instituti katta ilmiy xodimi Ed Arnold Rossiya NATO davlatlari bilan ikki yil ichida harbiy mojaroga kirishishi mumkinligidan ogohlantirdi. Unga ko‘ra, ehtimoliy urush uchun start manzili Suvalki koridori bo‘lishi  mumkin. Mutaxassis 2027 yilda Rossiya bilan to‘qnashish ehtimoli yuqorilab borayotgani tufayli Germaniyani qurollanish poygasida jadal harakat qilishga chaqirdi. Uning fikricha, Bundesver hozirda birinchi navbatda og‘ir harbiy texnika arsenallari – Leopard 2A8 tanklari, TAURUS uzoq masofali qanotli raketalari, Boxer zirhli transport vositalari, IRIS-T zenit raketalari va Gepard qurilmalarini ko‘paytirishi kerak. AQSHdagi Urushni o‘rganish instituti (ISW) ekspertlari  esa Kreml Rossiya jamiyatini uzoq muddatli militarizatsiyaga va NATO bilan ehtimoliy mojaroga tayyorlayotganidan ogohlantirdi. Unga ko‘ra, bunday targ‘ibotlar allaqachon boshlangan va mazkur jarayonda Ukraina bosqinini oqlash uchun ilgari qo‘llanilgan narrativlar yana ishga solinmoqda. ISW tahlilchilarining ta’kidlashicha, Rossiya amaldorlari va targ‘ibotchilari tomonidan ilgari Ukraina bilan bog‘lanib aytilgan “natsizm” ayblovlari endi nafaqat Kiyevga, balki Yevropa davlatlariga ham tobora ko‘proq qaratilmoqda. Masalan, 2024 yil 20 aprel kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Yevrokomissiya rahbarlarining 9 maydagi G‘alaba paradida ishtirok etmaslik tavsiyasiga javoban Ittifoqni “natsizm mafkurasini qayta tiklash” ayblagan.

“Biz bunga toqat qilmaymiz, bu mafkura yana bosh ko‘tarmasligi, butunlay yo‘q qilinishi va Yevropa o‘z qadriyatlariga qaytishi uchun barcha kuchlarni safarbar qilamiz,” degan edi Lavrov “Rossiya-1” telekanaliga bergan intervyusida.

ISW mutaxassislariga ko‘ra, Rossiya targ‘iboti bu kabi ritorikani boshqa davlatlarga, xususan, Finlyandiya, Estoniya va Moldova kabi sobiq SSSR respublikalariga ham yoymoqda. Masalan, 2024 yil yanvar oyida Leningrad qamalining tugatilganiga 80 yil to‘lishi munosabati bilan Putin Rossiya “zamonaviy natsizm” bilan “ekzistensial geosiyosiy mojaro” holatida ekanini bildirgan. Uning aytishicha, bu mojaro Ukraina inqirozidan ancha kengroq. U, shuningdek, Boltiqbo‘yi davlatlarini natsizmda ayblagan. Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin esa “natsist mafkura NATO rahbarlari uchun normal holatga aylanganini” ta’kidlagan. Ekspertlar taxminicha, bu narrativlar kelajakda rus tilida so‘zlashuvchi aholining himoyasini bahona qilib, Rossiya tomonidan Boltiqbo‘yi davlatlari yoki Finlyandiyaga nisbatan tajovuzni oqlash uchun ishlatilishi mumkin. 2024 yil yanvar oyida Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar rahbari Kaya Kallas yevropalik razvedka manbalariga tayangan holda, Rossiya 2028 yilga borib Yevropa Ittifoqi davlatlaridan biriga hujum qilishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. U nafaqat mudofaa xarajatlarini oshirish, balki harbiy mojaroga tayyor turish muhimligini urg‘ulagan. Fevral oyida Daniya harbiy razvedkasi kelgusi besh yil ichida Yevropada “katta miqyosdagi urush” bo‘lish ehtimoli yuqoriligini ma’lum qilgan. Shunda taxminlar bizni 3 ta yilga yilga yetaklamoqda. 2027, 2028 va 2029 yillar.

Voqealar rivoji esa bu ortda qolgan bir necha yil davomida ikki tomondan ham o‘ziga yarasha xushyorlik talab qildi. Masalan, sal avvalroq Rossiyadan tahdid ortib borayotgani sababli NATO davlatlari bu xavfga yer ustida qarshi turish uchun tayyorgarlik ko‘rishga kirishgani, shu sababli Fransiya harbiylari aniq, zamonaviy, jumladan 3D formatdagi maxsus xaritalar tuzayotgani haqida xabar tarqaldi. Qayd etilishicha, 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga javoban Fransiya armiyasi Karpat tog‘larining g‘arbiy tomonida joylashgan Ruminiyaning Chinku shahriga ming nafar askar joylashtirgan. Tog‘larning sharqiy tomonida Moldova, janubida esa Dunay daryosi joylashgan bo‘lib, bu yer orqali Ukrainaga yo‘l ochiladi. Ruminiya va NATO shtablari bu hududni Rossiya armiyasi bostirib kirishi mumkin bo‘lgan yo‘nalish deb hisoblamoqda. Shu sababli Fransiya muhandislik brigadasining kartografik polki Ruminiya kartografiya agentligi bilan hamkorlikda hudud xaritalarini yangilash ishlarini olib bormoqda. Shu o‘rinda mavzu boshida tilgan olingan Rossiya bosqinining boshqa bir ehtimoliy boshlanish nuqtasi Suvalki koridoridan ham katta xavf borligi haqida to‘xtalsak.

Suvalki bu 100 km dan ortiq bo‘lgan faraziy quruqlik “koridori” bo‘lib, Belarus hududini Rossiyaning Kaliningrad viloyati bilan bog‘laydi. NATO xalqaro harbiy-siyosiy blokida ushbu hudud Shimoliy Atlantika alyansining tashqi chegaralari uchun eng zaifi hisoblanadi. Suvalki yo‘lagi – Polsha va Litvani bog‘lab turadigan o‘rmonli tekislikdir. U Boltiqbo‘yi davlatlarini alyansning qolgan qismi bilan bog‘lovchi muhim quruqlik yo‘lagi bo‘lib xizmat qiladi. U yerda qandaydir ko‘ngilsizlik sodir bo‘lsa, bu Boltiqbo‘yidagi uch davlat Latviya, Litviya va Estoniyaning NATOdan uzilishi bilan yakunlanishi mumkin. Xaritada mazkur korridor joylashgan nuqtaga ko‘z yugurtirilsa, bu yo‘lakning qanchalik nozikligi va NATOning Rossiya bilan tirashuvida pand berish ehtimoli yuqoriligini ko‘rish qiyin emas. Shu bois o‘tgan yildan boshlab, Polsha, Litva, Latviya, Estoniya va Finlyandiya kabi Rossiya bilan quruqlik chegarasi mavjud bo‘lgan NATO a’zolari piyoda yuruvchi askarlarga qarshi mo‘ljallangan minalarni taqiqlovchi Ottava konvensiyasidan chiqishga hozirlikni boshlab yuborgandi. Tabiiyki, bu ularning chegaralarni minalashiga yo‘l ochadi. 2024 yil dekabr oyida Yevrokomissiya Rossiya va Belarus bilan chegaradosh oltita davlatga o‘z chegaralarini himoya qilish uchun 170 million yevro ajratilganini e’lon qilgan. Joriy yil mart oyida esa Yevropa Ittifoqi mintaqa qurolli kuchlarini qayta qurollantirish va modernizatsiya qilish bo‘yicha 800 milliard yevro miqdoridagi umumiy byudjetga ega rejani tasdiqlagan.

Xitoy qurollanish poygasiga katta tezlik oldi 

Xitoy bugun yevropaliklarga tavsiya qilinayotgan ishlar va maslahatlarni amalda bajarmoqda. “South China Morning Post” xabariga ko‘ra, Xitoylik olimlar yadroviy materiallardan foydalanmasdan portlaydigan vodorod asosidagi bombani muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi. Nashrning yozishicha, bomba Xitoy Davlat kemasozlik korporatsiyasining suvosti qurollarini ishlab chiqarish bilan ham shug‘ullanuvchi 705-Ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan yaratilgan. Bombada vodorodni saqlovchi moddalar sirasiga kiruvchi magniy gidridi qo‘llanilgan. Ushbu kimyoviy birikma tarkibidagi vodorod konsentratsiyasi 7 foizdan yuqori bo‘lib, portlash vaqtida tez termik parchalanishga uchrab, vodorod gazini ajratadi. Bu gaz chaqnab, kuchli va davomli yong‘in hosil qiladi. Olimlar sinovda og‘irligi 2 kilogramm bo‘lgan bombani ishlatgan. Portlashdan so‘ng 1000 darajadan yuqori haroratda olov shari hosil bo‘lib, u 2 soniyadan ortiq davom etgan. Tadqiqotda qayd etilishicha, shuncha miqdordagi trinitrotoluol (TNT) bunday olov shari hosil qilgan taqdirda, u atigi 0,13 soniya davom etgan bo‘lardi. Xabarga ko‘ra, yangi bombaning portlash kuchini aniq nazorat qilish mumkin. Bu esa keng hududda nishonlarni bir xilda zararsizlantirish imkonini yaratadi. Shunday qilib mazkur ixtiro butun dunyo bo‘ylab avjiga chiqayotgan qurollanish poygasida Xitoyning katta tezlik olganidan dalolat beradi. Qizig‘i shundaki, bu Pekin uchun joriy yil hisobida birinchi yangi qurol emas. Yanvar oyi oxirlarida huddi shu “South China Morning Post” nashri xitoylik olimlar suvosti kemasidan uchiriladigan, ham suv ostida harakatlanadigan, ham havoda parvoz qila oladigan dunyodagi birinchi dronni ishlab chiqqani haqida xabar bergandi. Mazkur dron buklanuvchi qanotning noyob dizayni tufayli parvoz vaqtida suv va havo o‘rtasida bir necha marta harakatlana olishi, bu esa uning omon qolish imkoniyatlarini sezilarli darajada yaxshilashi aytilgandi. Suv ostida harakatlanish uchun esa u maxsus parraklar bilan jihozlangan. Uskuna uchish uchun foydalanadigan parraklarini suv ostida 5 soniyada yig‘ib, kamuflyajga yaqin joylashtiradi. Bu suvda qarshilikni sezilarli darajada kamaytiradi. Dron Shimoli-g‘arbiy politexnika universiteti va Xitoy Aerodinamik tadqiqot va ishlanmalar markazi tomonidan ishlab chiqilgan. U suvosti kemasidan uchiriladi va topshiriqni bajarib bo‘lgach, yana o‘sha kemaga qaytadi. Suvda ishlash qobiliyati va havodagi yuqori manyovrligi tufayli bu dron razvedka va zarbalar berishda foydalanilishi mumkin. Qayd etilishicha, dunyodagi mavjud mudofaa texnologiyalari hozircha bunday qurolni to‘xtatishga qodir emas.

Umuman olganda xitoyliklarning harbiy sohadagi novatorligi bular bilan cheklanib qolmaydi. So‘nggi paytlarda chin o‘lkasida paydo bo‘layotgan yangidan yangi qurollar va harbiy sohaga oid innovatsiyalar tez-tez quloqqa chalinib turishi odat tusiga kirdi. Bir necha oylar ilgari xitoylik olimlar kelajakda harbiy mojarolar xarakteriga ulkan ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan yuqori aniqlikdagi ko‘chma atom soatini ishlab chiqqani, mazkur soatlar jangovar hududlarga olib borilishi va zamonaviy urush usullarini tubdan o‘zgartirishi, yuqori aniqlikdagi bu vaqtni o‘lchash tizimi radarlarning sinxron ishlashiga imkon berib, hatto ko‘rinmas samolyotlarni ham aniqlash va kuzatishda yordam berishi, xullas barcha barchasi endilikda Xitoy Qo‘shma Shtatlarga nafaqat iqtisodiy, balki harbiy tomondan ham yaxshigina raqobatchiga aylanib bo‘lganidan dalolat beradi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh NATO Rossiya Frantsiya Shavkat Mirziyoev Donal'd Tramp Xitoy Rim papasi Braziliya Emmanuel' Makron Britaniya Pentagon Dmitriy Peskov Vatikan Tulsi Gabbard Pit Hegset Stiv Uitkoff Pasxa sulhi Katolik Santa-Mariya-Major Luis Inatsiu Lula da Silva

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing