Xarobadan chiqqan milliarderlar. Hindlar qanday qilib IT gigantiga aylandi?

Tahlil

image

Barchangiz 2009 yilda Amerika kinoakademiyasining “Oskar” mukofotiga sazovor bo‘lgan “Xarobadan chiqqan millioner” filmini ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Filmning bir epizodida bosh qahramon Jamolning akasi unga “Hindiston oldingidek xaroba davlat emas, u tez rivojlanyapti”, deydi. Darhaqiqat, Hindiston bugungi kunda har sohada o‘sishga erishmoqda. Ayniqsa, IT yo‘nalishida.

Hozirda axborot texnologiyalari tushunchasi hindlar bilan chambarchas yo‘nalishga aylanib bormoqda. Dunyoning texnologik gigant kompaniyalari Google, Global Foundries, Twitter, Alphabet, Microsoft, Nokia, Adobe va Networks rahbarlari hindlar hisoblanadi. Amerikaning Facebook, Google, Amazon kabi global axborot kompaniyalari va arab investitsiya fondlari Hindiston axborot maydoniga sarmoya kiritish, Jio Platforms kabi hind IT korporatsiyalari bilan hamkorlikni rivojlantirish uchun navbatda turibdi. Jahon bozoridagi IT mutaxassislarining to‘rtdan uchtasi hindlardir. Hindiston IT mahsulotlarining 38 foizini ishlab chiqaruvchi Bangalor shahri yaqin yillar ichida dunyoning axborot texnologiyalari markazi hisoblanadigan San-Fransiskoni dog‘da qoldirib, jahon yetakchisiga aylanishi mumkin.

Bu qanday sodir bo‘ldi?

Hindistonda axborot texnologiyalarini rivojlantirish g‘oyasi ancha oldin paydo bo‘lgan. O‘tgan asrning 70-yillariga qaytamiz, AQSHda Internet DARPA endigina paydo bo‘lib, birinchi shaxsiy kompyuterni yaratish singari shubhali g‘oyani ilgari surgan, Xitoyda “qizil gvardiyachilar” sholi dalalariga “hujum qilgan” universitet o‘qituvchilarini kaltaklashgan vaqtda, Hindistonda hukumat tomonidan dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar uchun qulay shart-sharoitlarni ta’minlovchi davlat dasturi qabul qilingan. Ularga subsidiyalar, imtiyozli kreditlar va pasaytirilgan bojxona stavkalari taqdim etildi.

1973 yilda Bombey (hozirgi Mumbay) yaqinida xorijiy mijozlar uchun dasturiy ta’minot eksportiga ixtisoslashgan birinchi maxsus iqtisodiy zona – SEEPZ tashkil etildi. Birinchi hind IT kompaniyasi Tata Consultancy Services’ga 1968 yilda asos solingan bo‘lib, u 1975 yilda Shveysariya, Kanada va Janubiy Afrikadagi banklar uchun dasturiy ta’minotni sotgan. 2021 yilga kelib mazkur kompaniya bozor kapitallashuvi 200 milliard dollarni tashkil etgan eng yirik transmilliy IT korporatsiyasiga aylandi. 

Biroq keyingi chorak asrda Hindistonda IT sohasi milliy va jahon bozorlarida ko‘rinmay qoldi. 90-yillarda Hindistonning butun axborot sanoati bir necha ming IT mutaxassislardan iborat bo‘lib, taxminan 100 million AQSH dollari miqdoridagi axborot texnologiyalari eksport qilardi. Bunday natija yirik davlatlar uchun qoniqarli emasdi. Ammo bu sustlik ortida Hindiston rahbariyati va kompaniyalarining keyingi muvaffaqiyatlar kaliti bo‘lgan 80-90 yillarda uzoqni o‘ylab qilgan tizimli ishi yotardi.Misol uchun, Hindiston Bosh vaziri Rajiv Gandi 1984 yilda “yangi kompyuter siyosati” (NCP-1984) hujjatini imzoladi. Unga ko‘ra, dasturiy ta’minot va uskunalarni import qilish uchun boj 60 foizgacha qisqartirildi, mahalliy kompaniyalar faoliyatini litsenziyalash bekor qilindi. Litsenziya xizmatlar ko‘lamini cheklash va barcha iqtisodiy sohalarni nazorat qilish uchun zarur edi. Shuningdek, hujjat 100 foiz xorijiy kapital ishtirokidagi eksport kompaniyalariga bozorga kirish imkonini berdi (lekin litsenziya olish majburiyati bilan – tahr.), maxsus iqtisodiy zonalar kengaytirilib, ijara stavkalari pasaytirildi, ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yildi. Hindistonlik IT mutaxassislar xorijiy kompaniyalarda ishlash uchun AQSH va Yevropaga jo‘nab ketdi. Ularning ba’zilari o‘sha yerda qolishdi, ba’zilari yangi bilim va ko‘nikmalar bilan uyga qaytishdi.

O‘ng tomondan birinchi shaxs Bosh vazir Rajiv Gandi

Shundan so‘ng, Hindistonning IT sohasi XXI asr boshidagi “axborot inqilobi” to‘lqinini ishonchli tarzda bosib o‘tdi. Inqilob burilish nuqtasi sifatida 1990 yil oxirida juda ko‘p shov-shuvga sabab bo‘lgan “2000 yil muammosi” (Y2K) e’tirof etiladi. Bu nimani anglatadi?

Gap shundaki, XX asrda chiqarilgan dasturiy ta’minotni ishlab chiquvchilar yil va sanalarni ko‘rsatish uchun ba’zan ikkita belgidan foydalangan. Oqibatda asr oxiriga kelib muammo yuzaga kelgan. Masalan, 1951 yil 1 yanvar dasturda “01.01.51” shaklida ko‘rsatilgan. Natijada, eski amaliyot bo‘yicha 1999 yildan keyin 1900 yilga kelishi kerak edi (2000 yilni yozish uchun oxirgi ikki raqam, ya’ni 00 foydalaniladi, bu tizimda 1900 yilni anglatardi), bu esa katta hajmdagi kompyuterlar, shu jumladan muhim tizimlarning nosozliklariga olib kelishi mumkin edi. Eski kodni tuzatish uchun IT mutaxassislarining butun armiyasi kerak bo‘ldi. Hindiston ularni jahon bozoriga taqdim eta oldi.

2000-yillar boshida Hindiston IT mahsulotlarini eksport qilish hajmi bo‘yicha yetakchilikni egallab, global IT autsorsing bozorida old o‘rinni band qildi. To‘g‘ri, o‘sha paytda eksportning asosiy ulushini arzimagan pul uchun ishlashga tayyor mutaxassislar tashkil etardi. Ba’zilari ikki haftalik mashg‘ulotdan so‘ng, faqatgina oziq-ovqatga yetadigan maosh evaziga kodlash ishini boshlardi.

Shu sababli, 2000 – 2010 yillar oralig‘ida “Hind kodi” jahon IT mutaxassislari uchun juda ham tushunarsiz edi. Biroq, vaqt o‘tishi bilan odamlar va kompaniyalar dunyo standartlariga moslashishdi. Hindistonda IT sanoati jadal rivojlanib, tobora katta va jiddiy buyurtmalarni qabul qila oldi. Shu bilan birga, cheksiz xorijiy buyurtmalar bozori aqlli yoshlar uchun qashshoqlikka qarshi najot bo‘ldi. Mumbaydan tashqari, Bangalor, Haydarobod, Chennay shaharlari global ahamiyatga ega bo‘lgan yirik IT markazlar sifatida shakllandi.

Bular natijasida, Jio Platforms kabi IT gigantlari va hukumatning sa’y-harakatlari bilan Hindiston axborot texnologiyalari mamlakatiga aylandi. Agar 2010 yilda mamlakat aholisining atigi 7,5 foizi butunjahon internet tarmog‘idan foydalangan bo‘lsa, 2020 yilda arzon internet va mahalliy ishlab chiqarilgan smartfonlar tufayli internetdan foydalanuvchi hindlar jami aholining yarmidan oshib, qariyb 700 millionga yetdi. Bu Hindistonni butun dunyo bo‘ylab tarmoqdan foydalanuvchilar soni bo‘yicha Xitoydan (2020 yil holatiga ko‘ra 900 million) keyin dunyodagi ikkinchi yirik davlatga aylantirdi. Shunday qilib, global IT gigantlari 2019-2020 yillarda mos ravishda Hindistonga ko‘chib o‘tishdi.

Xitoy bilan qarama-qarshilik

Hindiston qo‘shnisi bilan hududiy muammolar tufayli o‘nlab yillar davomida sust “sovuq urush” olib bormoqda. Sobiq Prezident Donald Tramp davrida Qo‘shma Shtatlarning XXR bilan munosabatlari hamkorlikdan qarama-qarshilik tomonga o‘girildi va Bayden ma’muriyati ham bu yo‘nalishni qo‘llab-quvvatlayapti. Pekinning ambitsiyalari kuchayib borayotgan sharoitda Dehli Vashington va Osiyo-Tinch okeani mintaqasining boshqa mamlakatlari uchun tabiiy ittifoqchi va sherikka aylanadi. AQSHning “Xitoy kommunistlariga aloqador” kompaniyalar bilan hamkorlik qilganlik uchun sanksiyalar joriy qilish siyosati sabab "Osmon osti" mamlakatiga sarmoya kiritish haddan tashqari xavfli va o‘z oyog‘iga bolta urib bilan barobar bo‘lib qoldi. Boshqa tomondan, Hindiston investitsiyalar, autsorsing va sotish uchun xuddi shunday yirik bozor taklif qilmoqda.

To‘g‘ri, Xitoyda internet foydalanuvchilari juda ko‘p, lekin ular hokimiyat tomonidan qattiq tartibga solinadi va senzura mavjud. Kommunistik partiyaning rahbarlari “buzg‘unchi g‘oyalar”ni oldini olish maqsadida IT mutaxassislarini xalqaro korporatsiyalar (odatda G‘arb) bilan hamkorligini ma’qullamaydi.

Shunday sharoitda, koronavirus pandemiyasining ta’siri tarixan paternalist (Hokimiyat fuqarolarning asosiy ehtiyojlarini ta’minlaydi. Buning evaziga fuqarolar hokimiyatga o‘z xatti-harakatlari va kelajakdagi rejalari haqida ma’lumot beradigan munosabatlar tizimi) bo‘lgan Hindiston hukumati investorlarni jalb qilish umidida cheklovlar va nazoratni yumshatishga majbur bo‘ldi. Natijada investorlar Nyu-Dehliga oshiqa boshladi. Hindiston rasmiylari – hukmron partiya BJP (Bharatiya Janata partiyasi), asosiy muxolifat INC (Hindiston Milliy Kongressi) – o‘z tarafdorlari va IT mutaxassislarining G‘arb kompaniyalari bilan hamkorligini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu yo‘lda 2015 yildan boshlab Bosh vazir Narendra Modi hukumati IT loyihasi doirasida startaplar uchun qulay sharoitlar yaratdi. Hindiston tadbirkorlik uchun dunyodagi uchta yirik IT markazlaridan biriga aylandi.

Islohotlar o‘z samarasini bermoqda. 2019-2020 yillarda Hindistonning IT xizmatlari eksporti 150 milliard dollarni tashkil etdi, bu sohada 12 million ish o‘rni yaratildi. Milliardlab dollarlik xorijiy investitsiyalar jalb qilingan 7 mingdan ortiq startap faoliyat yuritmoqda.

Hozirda Hindiston janubidagi Karnataka shtatining poytaxti Bangalor haqli ravishda “Osiyo silikon vodiysi” deb ataladi. 2018 yilda u Hindistonning barcha IT sohasidagi eksportlarining qariyb 38 foizini bir o‘zi ishlab chiqargan va u yaqin yillarda dunyodagi eng yirik IT klaster bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

To‘g‘ri, Hindiston hali ham ulkan ijtimoiy va iqtisodiy nomutanosibliklarga ega bo‘lgan kambag‘al mamlakat hisoblanadi. Raqamli korporatsiyalar, rivojlanish markazlarining osmono‘par binolari va yuz millionlab savodsiz dehqonlar yashovchi dahshatli xarobalar bilan yonma-yon qad rostlagan.

Shunga qaramay, Hindistonning IT sohasidagi muvaffaqiyati hayratlanarli, uning istiqbollari juda qiziqarli ko‘rinadi va global muhitdan mohirona foydalanish orqali XXI asrning o‘rtalarini jahon iqtisodiyoti “Hind davri”ga aylantirishi mumkin, xuddi uning boshlanishi “Xitoy davri” deb nomlangani kabi.

Doston Iskandarov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Xitoy Hindiston IT

Baholaganlar

333

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing