Xanchjou-2022. O‘zbekistonlik sportchilar bugun nechta medalni qo‘lga kiritdi?
Sport
−
25 Sentabr 2023
10589Bugun, 25 sentyabr kuni Xitoyning Xanchjou shahrida Osiyo o‘yinlarining navbatdagi kuni o‘z nihoyasiga yetdi. Kun davomida O‘zbekiston vakillari 15 ta sport turi bo‘yicha bahslarga kirishib, yakunda delegatsiya hisobiga 3 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza medallarini qo‘shib qo‘ydi.
Oltin medal
- O‘zbekistonga kunning ilk oltin medalini akademik eshkak eshish bo‘yicha ayollar o‘rtasida kechgan yakkalik bahsida g‘olib bo‘lgan Anna Prakaten taqdim etdi;
- Musobaqaning M4 dasturida ishtirok etgan o‘zbekistonlik eshkakchilar – Shehroz Hakimov, Davr Davronov, Dilshod Xudoyberdiyev va Alisher Turdiyev ham marraga birinchi bo‘lib yetib keldi va kunning ikkinchi oltin medalini qo‘lga kiritdi;
- Dzyudo bo‘yicha -73 kg vazn toifasida g‘oliblik uchun kurashgan Murodjon Yo‘ldoshev hal qiluvchi bellashuvda yaponiyalik Soichi Hashimotoni vazari bahosi bilan yengib, O‘zbekiston uchun navbatdagi oltinni keltirdi.
Kumush medal
- Akademik eshkak eshish bo‘yicha M4x dasturida Shahzod Nurmatov, Shahboz Xolmirzayev, Mehroj Mamatqulov va Sobirjon Safaraliyev kvarteti marra chizig‘ini ikkinchi bo‘lib bosib o‘tdi va kumush medalga ega chiqdi. Mazkur startda oltin medal Xitoy, bronza esa Hindiston jamoalariga nasib etdi.
Bronza medal
- Dzyudo bo‘yicha -70 kg vazn toifasida Gulnoza Matniyozova bugungi ishtirokini marokashlik sportchini yengish bilan boshladi. Shuningdek, chorak finalda Eron vakilini ham ippon bahosi bilan mag‘lub etdi. Ammo yarim finalda shimoliy koreyalik sportchiga yutqazib qo‘ydi. Bronza medali uchun kechgan bahsda esa Xitoy Taypeyi vakilini yengib, O‘zbekiston hisobiga navbatdagi medalni qo‘shib qo‘ydi;
- Taekvondo WT bo‘yicha -49 kg vazn toifasida Madinabonu Mannopova bahslarga 1/16 final bosqichidan kirishib, dastlab Makao vakilini yengdi. Keyin esa vetnamlik sportchidan ustun keldi, ammo yarim finalda Tailand vakiliga yutqazdi va bronza medal bilan kifoyalandi;
- Ushbu sportning aralash jamoaviy bellashuvlarini g‘alaba bilan boshlagan Shuhrat Salayev, Jasur Jaysunov, Ozoda Sobirjonova va Svetlana Osipovalar yarim finalda Janubiy Koreya vakillariga 47:48 hisobida yutqazib, bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Bu orqali O‘zbekiston delegatsiyasi jami 14 medal (4 tadan oltin va kumush, 6 ta bronza) jamg‘argan holda umumiy reytingning 4pog‘onasini band etib turibdi.
LiveBarchasi